Mulohaza uchun mavzu

Oson boyish vasvasasi yoki firibgarlar tuzog‘iga aldanmang

Polvonlar ko‘taradigan 16 va 32 kilogrammli toshlarning ichida nima bor? U rostan ham bitta “Kaptiva”ning bahosidan qimmat turadimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan bu kabi shov-shuvlarni ancha oldin o‘qigandim. Buning firib, uydirmasi ekani shundoqqina ko‘rinib turgani uchun unchalik ahamiyat bermagandim ham. Biroq uch-to‘rt nafar sinfdoshim telefon qilib, viloyatlarda uyma-uy yurib shunday tosh qidirib yurishayotganini, odamlardan eski toshlarni 50—150 ming so‘m berib sotib olishayotganini aytishib, ularning ichida chindan ham qimmatbaho narsa bor-yo‘qligini bilish-bilmasligimni so‘rashdi.

Tunov kuni esa bir hamkasbimning telefoniga “sobiq ittifoq payti ishlab chiqarilgan 16 kilogrammli toshni “Kaptiva”ga almashtiraman!” degan sms kelganini aytgach, bildimki, firibgarlar yurtdoshlarimizni tuzoqqa tushirish uchun har qanaqangi usullardan unumli foydalanishayapti. Demak, odamlarni bu haqda ogohlantirishimiz kerak.

Eski tosh birdan nega kerak bo‘lib qoldi?

“Facebook”, “Telegram”, “WhatsApp” va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarda sobiq ittifoq vaqtida ishlab chiqarilgan 16 va 32 kilogrammli toshlarni 100, 200, 1000, 2000 dollarga sotib oladigan xaridor tappa-tayyordek. Xuddiki u hoziroq kelib naqd pulni qo‘lingizga tutqazadi-da, toshlarni ko‘tarib olib chiqib ketadi. Aslida ham shundaymi? Yo‘q, albatta.

Istalgan odam eski tosh birdaniga nega kerak bo‘lib qoldi degan savolni berishi tabiiy. Hatto eng soddalar ham. Firibgarlar buni avvaldan bilib, shunday mish-mish tarqatishgan. Emishki, SSSR davrida ishlab chiqarilgan 16, 32 kilogrammli toshlarning ichida qandaydir qimmatbaho narsa bor. Uni O‘zbekistondan sotib olishib, Qozog‘iston yoki Rossiyaga olib borib sotisharmish.

Albatta, bu gapdan so‘ng ayrimlarda toshni arralab, bunchalik qimmatbaho narsaga o‘zi egalik qilishni xohlovchilar bo‘lishi tabiiy. Firibgarlar bunga ham vaj topib qo‘yishgan: Agar toshni mutaxassis bo‘lmagan odam arralasa, uning sog‘lig‘iga tiklab bo‘lmas darajada zarar yetarmish. Tosh ichida palladiy, simob yoki boshqa qimmatbaho modda bo‘lishi mumkin, uni faqat mutaxassislargina ajratib ololadi.

Qanday firib berishlari mumkin?

Firib turli xil usullarda amalga oshirilishi mumkin. Shundan ayrimlarini keltirib o‘tamiz.

Masalan, toshni 2000 dollarga sotib oladigan odam mijoz bilan biror joyda uchrashuv tayinlaydi. Buncha pulni olish uchun istalgan odam kelishilgan joyga uchib boradi. Tezda boyib ketish imkoni ko‘pchilikning qulog‘ini kar, ko‘zini ko‘r qilib qo‘yadi. Bunday paytda nafsiga qul bo‘lganlar har qanday ehtiyotkorlikni unutadilar. Firibgarlar ham buni yaxshi bilishadi. Shu bois tomonlar uchrashgach, suhbat taxminan quyidagicha kechadi:

— Qoyil, aynan biz istagan tosh ekan. Ammo baribir ekspertiza qilib ko‘rishimiz kerak. Axir shuncha pulni bekordan-bekorga berib yubora olmaymiz-ku. Buning ichida biz xohlagan metal borligini bilsak-da, har ehtimolga qarshi tekshirib ko‘ramiz, maylimi?

Bunday vaziyatda toshni sotayotgan tarafning rozi bo‘lmasdan iloji yo‘q. Firibgarlar navbatdagi bosqichga o‘tishadi.

— Ekspertizadan o‘tkazish 250-300 dollarga tushadi. Bu xarajatni siz ko‘tarasiz, chunki tosh sizniki. Agar taklifimizga rozi bo‘lsangiz, ekspertiza uchun pulni bering. Javobni olgach, Siz bilan hisob-kitob qilamiz. Mana telefonlarimiz, tashrif qog‘ozimiz…

Toshni sotayotganlarning ko‘ziga faqat 2000 ming dollar ko‘ringani uchun pulni chiqarib berishadi. Ekspertiza o‘tkaziladi. Ammo toshning ichidan xaridor istagan qimmatbaho metal chiqmagani ma’lum bo‘ladi. U sizdan uzr so‘raydi. Siz esa 250-300 dollarga kuyib qolaverasiz. Agar 2000 dollar ilinjida toshni birovdan sotib olmagan bo‘lsangiz, albatta. U holda chiqimingiz yanada kattaroq bo‘ladi.

Boshqa bir variantga ko‘ra firibgarlar oldindan har bir hududdan o‘z vakillarini topishadi. Imi-jimida toshlarni yig‘ib olishadi. Odamlarga shubha tug‘dirmaydigan tarzda. Oradan biror yil o‘tgandan keyin toshning ichida platina yoki Oqposhsho xazinasiga tegishli oltin buyumlar yashirilgani, shu bois ularni otning kallasiday pulga, masalan, 2000 dollarga sotib olishayotgani haqida mish-mish tarqatishadi. Tabiiyki, belni og‘ritmasdan boyib qolish imkoniyatidan foydalanmoqchi bo‘lganlar hamma joyda topiladi. Natijada hamma polvontosh “ovi”ga kirishadi. Hamma tosh esa bitta odamda. 2000 ming dollarga sotish ilinjida toshni 500-1000 dollargacha sotib olishaveradi. Shundoq ham foyda qolayapti-ku deb. Oxir-oqibat bor-budlaridan ayrilib, bir tiyinga qimmat toshlar bilan qolib ketishadi.

Bu firibgarlar ishlatadigan usullardan ikkitasigina xolos. Ular o‘z firiblarini yana ko‘plab ko‘rinishda amalga oshirishlari mumkin. Kim ham chuv tushgach, o‘z “tajribasi” bilan o‘rtoqlashardi. Hamma ichiga yutadi. Shu bois yana qanday usullardan foydalanishganini vaqtida biolmaymiz. Bu ham firibgarlarning foydasiga xizmat qiladi.

Ha, aytgancha, yuqorida aytilganiday, bir guruh “uddaburonlar” qishloqma-qishloq yurib, 16, 32 kilogrammli toshlarni yig‘ib yurganlarning maqsadi ham hali bu mish-mishlar yetib bormagan hududlardan toshlarni arzon-garovga yig‘ib olib, butun boshli xazinaga o‘zlari egalik qilishdan iborat. Nafs o‘lsin-a, nafs o‘lsin.

Olg‘irlar mentalitetimizga xos bo‘lgan ishonuvchanlik, mish-mishga beriluvchanlikdan ustalik bilan foydalanishga harakat qilishadi. Odamlar ommaviy vasvasaga tushgan muhit ular uchun mo‘may daromad manbai hisoblanadi. Shu bois ular endi-endi rivojlanayotgan hududlarni, iqtisodiy-huquqiy savodxonligi yuqori bo‘lmagan aholi qatlamlarini nishon sifatida tanlashadi.

Bir balosi bo‘lmasa…

Aslida firibgarlarning ushbu hiylasini unchalik ham muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydi. Har bir mulohazali bundan aldov isi kelayotganini avval-boshdan biladi, his qiladi. Shu bois bundan gap-so‘zla quloqqa chalinganda, xalqimizning ming yillik naqlini esga olsangiz bo‘ldi, masalaga javob topasiz: “Bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur.

Manba: Tafsilot.uz