20-21 aprel kunlari Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichining navbatdagi o‘yinlari o‘tkazildi. O‘zbekistonning 4 jamoasi—“Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Nasaf”, “Bunyodkor” klublari ham mazkur turda maydonga tushdi va nisbatan yaxshi natija ko‘rsatishdi. Bir g‘alaba, ikki durang va bir mag‘lubiyat bilan O‘zbekiston jamoalari umumiy hisobda 5 ochko to‘pladi. Milliy chempionatni allaqachon boshlab olgan va o‘z sport formasiga kirib borayotgan o‘zbekistonlik futbolchilarning mazkur turdagi ishtiroki yomon bo‘lmadi. Faqat “Bunyodkor”ning natijasi barchaning ko‘ngilini xira qilgani bor gap.
“Paxtakor”: Nimadir o‘zgargan...
“S” guruhida qatnashayotgan “sherlar” Abu Dabida "Al Jazira"dan 3:1 hisobida ustun keldi va nimchorak finalga chiqish imkoniyatini saqlab qoldi.
Asta-sekin o‘z o‘yinini topib borayotgan “Paxtakor” keyingi bosqichga chiqish uchun faqat g‘alaba qozonishi talab etilardi. Buni yaxshi bilgan jamoa dastlabki daqiqalardanoq guruh autsayderiga qarshi ochiq va xujumkor o‘yin taklif qildi. Bu tezda samara berdi va 9-daqiqada hisob ochildi. Masharipovga ishlatilgan qo‘pollikdan so‘ng belgilangan jarimadan Sherzod Karimov unumli foydalandi. Qariyb 25 metrlardan Al-Jazira davrozasini ishg‘ol qildi: 0:1. Bunga Ali Mabhut penaltidan urgan goli bilan javob berib, hisobni tenglashtirdi - 1:1. Oradan ikki daqiqa o‘tib, raqib himoyachilarini xato qilishga majbur qilgan Sergeyev jarima maydoni ichiga bordi va kuchli zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi - 1:2. 83-daqiqada esa Igor o‘zi ishlagan penaltini aniq amalga oshirib, dublini nishonladi. 3:1 hisobida zafar quchgan “sherlar” so‘nggi tur arafasida nimchorak finalga chiqish imkoniyatini saqlab qoldi. Guruh peshqadami "Traktorsozi" oxirgi turda “Al-Hilolga” mag‘lub bo‘lmasa va “Paxtakor” o‘z uyida “Jazira” dan ustun kelsa, navbatdagi bosqichga yo‘l oladi.
Aytish kerakki, jamoa ustozi oilaviy sabablar tufayli safarga bormadi. Jamoaga Gregoriy Kolosovskiy murabbiylik qildi. “Sherlar”ning shiddatli “hamlalari”, to‘pga jamoa bo‘lib, “yopishish”, erta pressing, tezkor o‘yin—bu gal boshqacha o‘yin ko‘rsatishdi (ehtimol, raqib guruhdagi eng kuchsiz jamoa bo‘lgani uchun). Har holda “Paxtakor” muxlislarga manzur bo‘ladigan kuchli va barqaror o‘yin ko‘rsata oldi. Keyingi turdagi o‘yinda “Jazira”ni xotirjamlik bilan, ortiqcha bosimlarsiz taslim qilsa (“Traktorsozi”ga ham ishonib qolamiz), guruhdan chiqishi mumkin.
"AL JAZIRA" - "PAXTAKOR" - 1:3 (0:1)
19 aprel. Abu Dabi. "Muhammad Bin Zayid" stadioni.
Gollar: Karimov, 9 - 0:1. Ali Mabhut, 61-pen - 1:1. Sergeyev, 63 - 1:2. Sergeyev, 83-pen - 1:3.
"Al Jazira": Senani, Xalfan, Mabhut, Park Jong Vu, Tiago Neves, Geilani (Xalfan Muborak, 75), Rashid, Musa, Yusuf, Al Hashmi (Kenvin Jons, 65), Abdulaziz.
"Paxtakor": Ribkin, Boltaboyev, Oraxovats, Tojiyev, Hoshimov, Kozak (Ismatullayev, 74), Ahmedov, Sohibov, Karimov (Berdiyev, 90+2), Masharipov (Qilichev, 88), Sergeyev.
Ogohlantirishlar: Sohibov, 20. Ahmedov, 24. Saif Xalfan, 42. Ali Mabhut, 53. Ribkin, 62. Oraxovats, 77.
“Lokomotiv”: Bizni uyaltirmayotgan jamoa
“Lokomotiv” tarkib jihatidan O‘zbekistondagi eng kuchli jamoa, deyish mumkin. O‘zaro til topishib, yaxlit jamoaga aylanib borayotgan “Lokomotiv”da Jeparov, Kapadze, Nesterov singari taniqli va tajribali futbolchilarning foydasi tegayapti. O‘tgan yilgidan farqli ravishda ham milliy chempionat, ham OChLda barqaror o‘yin namoyish etayotgani bundan dalolat berib turibdi. Hozirda jamoa Osiyo chempionlari ligasidagi mag‘lubiyatsiz o‘yinlar seriyasini davom ettirmoqda. Miklyayev shogirdlari 5-tur doirasida BAAda "An-Nasr" mehmoni bo‘ldi. Murakkab kechgan o‘yin 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. 31-daqiqada Jires Kembo Ekoko olis masofadan urgan goliga Temurxo‘ja Abduxoliqov “javob” qaytardi.
Ikkinchi bo‘limda “Lokomotiv” ko‘proq ustunlikka ega bo‘ldi, biroq bu hisobga ta’sir ko‘rsatmadi. Ushbu durangdan so‘ng "temiryo‘lchilar"ning ochkolari soni 9 taga yetdi va guruh peshqadamligini saqlab qoldi. “Sepohon”ni 4:0 hisobida yer tishlatgan “Al-Ittihod” jamoasi esa“Lokomotiv”ning pley-offga chiqish taqdirini keying o‘yinga qoldirdi.
Mazkur o‘yinda Jeparov, Kapadze, Mirzayev, Shoahmedov, Abduxoliqovlar ishonchli o‘yin ko‘rsatishdi. Shiddatli o‘yinda o‘zini ayamagan Islom To‘xtaxo‘jayev burnini sindirib olib, maydonni erta tark etdi. Uning o‘rniga maydonga tushgan iste’dodli 19 yoshli himoyachi Sergey Proxorov Islomning yo‘qligini bilintirmadi.
OChL, "A" GURUHI, 5-TUR "AN-NASR" - "LOKOMOTIV" - 1:1 (1:1) GOLLAR: Jires Kembo Ekoko (31) — Temurxo‘ja Abduxoliqov (43) "An-Nasr": 12.Shambih, 4.Jalol, 5.Ahmad, 6.Xamis, 7.Nilmar, 8.Kembo Ekoko, 10.Ximenes (S), 11.Pitroypa, 16.Muborak, 18.Al-Yassiy, 20.Sulaymon "Lokomotiv": 1.Ignatiy Nesterov, 8.Server Jeparov, 10.Marat Bikmayev 11.Temurxo‘ja Abduxoliqov, 15.Sardor Mirzayev, 17.Salim Mustafoyev, 18.Timur Kapadze, 20.Islom To‘xtaxo‘jayev, 22.Sanjar Shoahmedov, 33.Oleg Zoteyev, 37.Sherzod Fayziyev Bosh hakam: Lyu Kvok Man (Gonkong)
“Nasaf”: Ahvol chatoq, “ajdarlar”!
Xujumkor o‘yinlari bilan muxlislar mehrini qozongan "Nasaf"da barqarorlik yetishmayapti. Ro‘ziqul Berdiyevda mazkur turda bir nechta yo‘qotishlar bor edi: Sherzod A’zamov, Ilhom Shomurodov kabi asosiy tarkib o‘yinchilari jamoaga yordam bera olmadi. Bu o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. “Nasaf” o‘z uyida, g‘alaba suv va havodek zarur uchrashuvda "Al-Ayn"bilan durangga imzo chekdi.
O‘yinning dastlabki daqiqasida Maqsud Karimovning golidan so‘ng hisobda oldinga chiqib olgan jamoa 32-daqiqada darvozasidan to‘p o‘tkazib yubordi. Danilo Asprillo o‘zining kuchli va aniq zarba bilan Suyunovni dog‘da qoldirdi.
O‘yinning birinchi bo‘limida BAA klubi kuchliroq ko‘rindi, xujumlari ham xavfli bo‘ldi. Gohida Suyunovning seyvlari, gohida raqib futbolchilarining xujumdagi xatolari hisobning o‘zgarmay qolishiga sabab bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limda esa Berdiyev shogirdlari o‘yin tizginini o‘z qo‘liga olishdi. Gevorkyan, Rahmatullayev, Abdurahimov, Abduxoliqovlar juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Ayniqsa, Abrahimov va Abduxolivning chaqqon harakatlari raqib himoyachilariga ancha “boshog‘riq” bo‘ldi. Biroq yakuniy zarbalarda aniqlik yetishmadi.
Shunday qilib, ushbu natijadan keyin "Nasaf"ning ochkolari 5taga, "Al-Ayn"niki 7taga yetdi. Pley-off masalasi so‘nggi turda qoldi. Qarshiliklar safarda ushbu jamoani yengishning uddasidan chiqishi va boshqlarning natijalariga ko‘z tikishi talab etiladi. Biroq “Nasaf”ga safarda juda-juda qiyin bo‘ladi...
Osiyo chempionlar ligasi-2016, "D" guruhi, 5-tur. 19 aprel, seshanba. Qarshi sh., “Markaziy” stadion. Soat 19:30 “NASAF” – “AL-AYN” 1:1 (0:0) GOLLAR: Maqsud Karimov (1) — Danilo Asprillo (32) Ogohlantirishlar: Ibrohim Diakiy (1), Flipp Bastos (49), Ismoil Ahmad (50) “Nasaf”: 25.Eldorbek Suyunov, 4.Maqsud Karimov, 5.Ildar Mamatkazin, 6.Azizjon G‘aniyev, 7.Shuhrat Muhammadiyev, 10.Dilshod Rahmatullayev, 17.Artur Gevorkyan (s), 18.Bahrom Abdurahimov, 21.Azamat Allaniyozov (Shafof Muhiddinov 74), 31.Saydullo Rahmatov, 45. Bobur Abduxoliqov. Zaxira: 35.Sanjar Quvvatov, 14.Sharof Muhitdinov, 16.Dilshod Xushbakov, 27.Islom Rashidxonov, 38.Doniyorjon Narzullayev, 42.Najmiddin Normurodov. “Al-Ayn”: 17.Xolid Iyso, 5.Ismoil Axmad, 6.Flipp Bastos, 9.Dyanfres Duglas, 10.Umar Abdulrahmon (s), 18.Ibrohim Diaki, 19.Muhanad Salim, 23.Muhammad Axmad G‘arib, 29.Li Myung Ji, 50.Muhammad Fayoz, 70.Danilo Asprillo (Rashid Iyso 76). Zaxira: 22.Mahmud at-Tenaljiy, 4. Said Musabbih, 11.Said al-Xatiriy, 13.Ahmad Barman, 20.Hilol Said, 77.Muhammad Favzi. Hakamlar: Kim Dong Jin, Bang Gi Yol, Song Bong Kuen (barchasi — J.Koreyadan), Ma’sud Tufaylih (Suriya) Nazoratchi: Xalil Ibrohim al-Hamdiy (Saudiya Arabistoni) Uchrashuv komissari: Rufus Prins (Hindiston).
“Bunyodkor”: qanoting sindimi, “qaldirg‘och”im?
Bu yil Osiyo chempionlar ligasida eng qoniqarsiz natijani Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi qayd etmoqda. Ko‘rkam stadion, yaxshi sharoit, baza, umidli, ayni kuchga to‘lgan futbolchilar—hech narsani o‘zgartira olmayapti. Bu safar “qaldirg‘och”larning qanotini qatarliklar “sindirdi”. 5-tur doirasida "Bunyodkor" jamoasi “Laxviya” o‘z maydonida 0:2 hisobida yutqazib qo‘ydi va ko‘pchlik futbol muxlislarini ranjitdi.
Tan olish kerak, “Lahviya” futbolchilari saviya va mahorat bobida “qaldirg‘ochlar”dan bir bosh baland ekan. Buni o‘yin ko‘rsatib berdi. Hamdamov, Shukurov, Shomurodovlar hali ancha g‘o‘r. Minori va Zuagiga chidasa bo‘ladi, lekin Yuritsa Bulyat deganlarini nega jamoada olib qolganiga xayronsan kishi. Legioner degani mahalliy futbolchilardir kuchli bo‘lmasa, unga ortiqcha pul sarflashning nima xojati bor?! Balki boshqa muammolar bordir?! Xullas, aytarga “gap ko‘p—ko‘mir oz”.
Lushchan janoblari aytganidek, guruhda bor yo‘g‘i 2 ochko to‘plagan jamoa endi o‘z e’tiborini ichki chempionatga qaratadi.
Shu o‘rinda yana bir gap: muxtasham “Bunyodkor” stadionida OChL o‘yinlarida jamoa hech g‘alaba qozona olmayapti. Bunga ayrim muxlislar, yarmi hazil, yarmi chin ohangida “is chiqarib yuborish”ni yoki “yaxshilab o‘qitish kerak”ligini maslahat berishmoqda. Nima bo‘lganda ham bizni uyaltirma, “qaldirg‘och”!
OChL, "V" GURUHI, 5-TUR "BUNYoDKOR" - "LAXVIYa" - 0:2 GOLLAR: Karim Budiaf (64), Muhammad Muntariy (79) "BUNYoDKOR”: 25.Murodjon Zuxurov, 2.Akmal Shorahmedov (S), 3.Akrom Komilov, 8.Javlon Ibrohimov, 9.Sato Minori, 10.Eldor Shomurodov, 14.Bahodir Nasimov, 17.Doston Hamdamov, 22.Rustam Ashurmatov, 29.Otabek Shukurov, 30.Yuritsa Bulyat ZAXIRA: 45.Akbar To‘rayev, 6.Anvar G‘ofurov, 7.Shaker Zuagi, 11.Shahzodbek Nurmatov, 16.Dilshodbek Ahmadaliyev, 19.Zabihilla O‘rinboyev 71.Aleksandar Alempiyevich “LAXVIYa”: 40.Amin Lekomte, 2.Musa, 3.Ahmad Yosir, 7.Xolid Mufta, 10.Nam Tae Xi, 11.Muhammad Muntariy, 12.Karim Budiaf, 14.Muhammad Tresor, 20.Ali Hassan, 23.Ahmad Muhammad, 70.Ismoil Muhammad. ZAXIRA: 90.Ivanildo, 8.Luiz Junior, 15.Dioko Kaliuyutika, 18.Ahmad as-Sadiy, 24.Xolid Radvan, 28.Yusuf Msakni, 39.Said al-Qahtoniy. Hakamlar: Krishanta Dilan Perera, Priyanga Namal, Parakkrama Xematunga (uchalasi – Shri-Lanka), Risbek Shekerbekov (Qirg‘iziston) Hakamlar nazoratchisi: Ma’sud Moradiy (Eron) Uchrashuv komissari: Said al-Masriy (Suriya)