Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2018/2019 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatining oshirilishini izohladi.
2018 yilning 1 sentyabridan oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlarining oshganligi sababli Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalar va ularning ota-onalari e’tiboriga quyidagi ma’lumotlarni yetkazadi.
Oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish xarajatlarining asosiy qismini, ya’ni 91 foizini ish xaqi va stipendiya to‘lovlari tashkil etishi inobatga olinib, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati respublikadagi eng kam ish xaqi miqdoriga bog‘landi va unga nisbatan karra barobarida belgilandi.
Amaldagi to‘lov-kontrakt qiymatlari 2016/2017 o‘quv yili uchun belgilangan bo‘lib, 2017/2018 o‘quv yilida ushbu qiymatlar o‘zgarishsiz qoldirildi.
2018 yil 1 sentyabrdan amaldagi to‘lov-kontrakt qiymatlari miqdorlari o‘rtacha 18,5 foizga yoki ta’lim yo‘nalishlariga qarab 12,3 foizdan 24,7 foizgacha oshirildi.
Yuqoridagilarga asosan yangi o‘quv yilida to‘lov-kontrakt qiymati miqdorini indeksatsiya qilishda, asosiy omil sifatida, o‘tgan o‘quv yillarida stipendiya va ish haqi miqdorlarining 2016 yil 1 oktyabrdan 15 foizga, 2017 yil 1 dekabrdan 15 foizga oshganligi lekin to‘lov-kontrakt miqdorlarining oshirilmaganligi inobatga olindi.
Shu bilan birga, to‘lov-kontrakt miqdorini o‘rtacha 18,5 foizga oshirishda 2018 yil 15 iyuldan respublikada ish xaqi va stipendiya miqdorlarining 7 foizga, 2018 yil 1 sentyabrdan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari oylik maoshlarini o‘rtacha 25 foizga oshirilganligini qisman qoplash lozimligi,aks holda yangi o‘quv yilining yakuniga kelib oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari bo‘yicha tegishli xarajatlar uchun mablag‘lar yetishmovchiligi kelib chiqishi ham hisobga olindi.
Bugungi kunda bir nafar talabani o‘qitishning o‘rtacha xarajati 10,5 mln.so‘mni tashkil etgani holda, to‘lov-kontrakt qiymati miqdori o‘rtacha 8,7 mln.so‘m etib belgilanmoqda.
Alohida ta’kidlash lozimki, talabalarga, ularning davlat granti yoki to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qishidan qat’iy nazar, har oyda stipendiya to‘lab boriladi. Hozirgi vaqtda stipendiyaning o‘rtacha oylik miqdori 466 ming so‘mni yoki yiliga 5,6 mln. so‘mni tashkil etadi va u o‘qitish qiymati miqdoriga to‘liq kiritiladi. Bunda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatining 45-80 foizini stipendiya tashkil etadi (talaba “a’lo” bahoga o‘zlashtirsa jami 7,5 mln.so‘m stipendiya oladi), ya’ni talabaga o‘zi tomonidan o‘qish uchun to‘langan mablag‘ning taxminan yarmi yoki undan ko‘pi o‘quv yili davomida oylik stipendiya ko‘rinishida qaytariladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalarni va ularning ota-onalarini qiziqtirgan barcha savollarga, shu jumladan o‘qish uchun to‘lov shakli, talabalar va ularning ota-onalari tomonidan ta’lim olish uchun ish xaqidan yo‘naltiriladigan mablag‘larga qo‘llaniladigan imtiyoz va yengilliklar qo‘llash tartibiga taalluqli, shuningdek ta’lim krediti va boshqa savollarga yozma shaklda hamda davlat interaktiv xizmatlari orqali javob berishga tayyorligini ma’lum qiladi.