Xalqaro Press-klubda 21-iyul kuni “Qabul - 2018: Shaffoflik, halollik, adolat mezonlari va innovatsion yondashuvlar” mavzusida navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi. Sessiyada 2018-2019 yillarda oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayoni va test imtihonlariga tayyorgarlik ishlari hamda bugun dolzarb bo‘lib turgan juda muhim masalalar va muammoli vaziyatlar tahlil qilindi. O‘zbekiston universitetlari tarixida birinchi marta XPK sessiyasida Rektorlarning Murojaati havola etildi va qabul qilindi.
Unda Spiker sifatida: Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Inomjon Madjidov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat Test Markazi direktori Madjit Karimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev qatnashdi.
XPK sessiyasida birinchi marta 90 ga yaqin universitetlar rektorlari bevosita onlayn tarzda studiya bilan bog‘landi. “O‘zbekiston 24 ” telekanalida jonli efir 3 soat davom etdi.
Sessiya davomida imtihon oldidan Respublika Oliy ta’lim muassasalari rektorlari abituriyentlar va ularning ota-onalariga murojaat yo‘lladi.
Biz – ko‘p sonli rektorlar ta’lim-tarbiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, unga ilg‘or innovatsion g‘oyalarni olib kirish, yoshlarning iste’dodlarini namoyon etishlari uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratib berish bilan birgalikda soha rivojiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan va zamonaviy ta’limning oyog‘iga kishan bo‘lib turgan illat- poraxo‘rlik va ta’magirlikning oldini olish, har ishda halol va vijdonan yo‘l tutish, oliy ta’lim muassasalarini haqiqiy ma’nodagi ma’rifat va halollik maskaniga aylantirish, shuningdek, bu yilgi qabul jarayonlarini shaffof, adolatli va halol o‘tkazishga va’da beramiz.
Hurmatli abituriyentlar!
Vatanimiz, xalqimiz va Prezidentimiz Sizlarga katta umid bilan qarab turibdi. Sizlar bizning kelajagimiz. Har sohada mamlakatimiz ravnaqining kafolati sanalasiz.
Ko‘ryapsizki, yoshlarning ilm-fan va kasb-hunar sirlarini egallashlari uchun yurtimizda barcha shart-sharoitlar muhayyo qilib berilmoqda. Bugun o‘zingiz uchun kasb tanlab, o‘qishga kirishga ahd qildingizmi, o‘z bilimingizga, aql-zakovatingizga va sizlarga shu sharoitlarni yaratib bergan Prezident ishonchiga munosib bo‘ling va munosib ish qiling. Kirish imtihonlariga, test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rib, bu imtihonlardan o‘z bilimingiz bilan o‘tishga bel bog‘lang.
Aziz ota-onalar!
Hammamiz uchun farzand – aziz, uning kamolini ko‘rish esa asl orzuimizdir. Bugun zamon o‘zgarmoqda. Yoshlarning ilm dargohlariga halol va pok kirishlari uchun keng imkoniyatlar eshigi ochib berildi. Afsuski, tovlamachilar va firibgarlarning dunyoqarashi o‘zgarmayapti. Ular hamon eskicha o‘y-xayollarda, mo‘may va qing‘ir yo‘llar bilan daromad topish ilinjida yuribdi. Ularning tuzog‘iga ilinib qolmang.
Xalqimizda “qars ikki qo‘ldan chiqadi” degan naql bor. “Korrupsiya to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli bandlariga ko‘ra pora bergan ham, pora olgan ham qonun oldida teng javobgar sanaladi va muqarrar jazoga tortiladi. Farzandingizga yordam beraman desangiz, noo‘rin va pinhona xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymang! Bu yo‘ldagi nojo‘ya qadam bilingki, kun o‘tib bir kun bolangiz kelajagi uchun qattiq zarba bo‘lishi mumkin. Bir haqiqatni unutmang! Pora bilan o‘qishga kirgan inson, butun hayoti davomida shu pulni qaytarib ishlab olish harakatida bo‘ladi. U o‘qituvchimi yoki shifokor, mas’ul mutasaddimi yoki oddiy ishchi qat’iy nazar oldiga kelgan har bir insonga “tovar” sifatida qaraydi va undan doimo ta’ma qiladi. Ta’ma bilan sug‘oriladigan qalbda esa yaxshilik urug‘i unmaydi. Ta’ma va pora zanjirini qabul jarayonlaridayoq uzaylik! Toki u boshqa nish urmasin! Farzandlarimiz qo‘lida zanjir bo‘lib, ularni panjara ortiga boshlamasin!