Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev fuqarolardan tushayotgan shikoyat va murojaatlar asosida Toshkent hokimi v. b. Jahongir Ortiqxo‘jayevga (nusxasi O‘zshahar qurilish invest" IK direktori Z.Narzullayevga) Toshkentning Sergeli tumanida qurilayotgan arzon uy-joylar narxi yuzasidan deputatlik so‘rovi yubordi. Bu haqda deputat o‘zining Facebook-profilida ma’lum qildi.
«Sergeli tumanida bunyod etilayotgan arzon uy-joylarga talabgor fuqarolar o‘z murojaatlarida, badal pulini to‘lagan vaqtda uylarning bir kv metr narxi 2 841 170 so‘m bo‘lganligi, oradan 5 oy o‘tgach esa narx 3 981 697 ming so‘mga yoki (40,1 foizga) oshirib yuborilganligini bildirishgan», — deb yozadi deputat o‘z so‘rovida.
Rasul Kusherbayevning yozishicha, Toshkent shahrida arzon bo‘lmagan uy-joylar qurish va sotish bilan shug‘ullanayotgan boshqa tashkilotlarda esa, OLX.UZ internet tarmog‘ida berilgan e’lonlarga ko‘ra, uy-joyning bir kv. metr uchun narxi 3 300 000 va 3 500 000 atrofida ekanligini ko‘rish mumkin. Masalan, «ELITE COMPLEX» tashkiloti aholi uy-joylarini qurishni kaliti bilan kv. metri uchun 3 500 000 so‘m narxda taklif etmoqda.
«Bundan ko‘rinib turibdiki, Prezident qarori doirasida, soliq va boshqa to‘lovlardan bir qator imtiyozlarga ega bo‘lgan tashkilotlar tomonidan uy-joyga muhtoj, yetim-yesir yoki kam ta’minlangan aholi vakillari uchun qurilayotgan uy-joylar xuddi shunday sifat va kafolatga ega boshqa uy-joylardan ko‘ra qimmatroqqa tushmoqda. Vaholanki, davlatimiz rahbari aholini uy-joy bilan ta’minlashda asosiy e’tibor oilada bir oila a’zosi ishlaganda ham uning oylik daromadi kreditga olinayotgan uyni qoplashga yetishi lozimligini ta’kidlab o‘tgan edilar», — deya davom ettiradi Rasul Kusherbayev.
Deputatning keltirishicha, ayni vaqtda Sergeli tumanida qurilayotgan 43,57 kv metr uy-joyga boshlang‘ich badal to‘langanidan so‘ng imtiyozli davrda bir oy uchun kredit foizi to‘lovining o‘ziyoq 800 ming so‘m atrofida bo‘lsa, imtiyozli davrdan so‘ng 1 464 000 so‘mga aylanmoqda. Xuddi shunday 79,6 kv metrli uy-joy esa badal to‘langanidan so‘ng kreditni qoplashga imtiyozli davrda har oyda 1 720 000 ming so‘m, imtiyozli davrdan keyin esa 3 160 000 ming so‘mga aylanmoqda. Bunday uy joylarni olishga talabgor kam ta’minlangan oilalarda esa aksariyat hollarda oylik daromadi har bir oila a’zosi jon boshiga hisoblaganda eng kam oylik ish haqining bir baravaridan ortiqcha bo‘lmaydi.
Deputat Jahongir Ortiqxo‘jayevdan «Parlament nazorati to‘g‘risida"gi Qonunning 15-moddasiga asosan, 10 kunlik muddatda Toshkent shahrining Sergeli tumanida aholi uchun qurilayotgan arzon uy-joylarning narxi, shu jumladan boshqa tashkilotlar qurayotgan uy-joylarga nisbatan qimmatligi yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishingizni va mazkur muammoni hal qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida axborot taqdim etishni so‘radi.