O‘zbekiston Innovatsion rivojlantirish vazirligi prezidentning OTMdan keyingi ta’limning innovatsion modelini joriy etish to‘g‘risidagi farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.
Hujjatda qayd etilishicha, OTMdan keyingi ta’limda qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjud. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash va ularni attestatsiyadan o‘tkazish talabga javob bermaydi, ularni tayyorlashda xalqaro standartlarga mos kelmaydigan talablar mavjud, ularni tayyorlashni tashkil etishda ta’limiy va ilmiy-tadqiqot muassasalarining mustaqilligi cheklangan.
Loyihada 2018 yil 1 iyundan Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Oliy attestatsiya komissiyasini tugatib, Innovatsiya vazirligi tuzilmasida OTMdan keyingi ta’lim boshqarmasini tashkil etish taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, 2019 yil 1 yanvardan OTMdan keyingi ta’limda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash sohasida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining o‘zini o‘zi boshqarish va mustaqillik tamoyillariga asoslangan OTMdan keyingi ta’lim tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.
Iqtisodiyotning zamonaviy yuqori texnologik ishlab chiqarish sektori talablarini qanoatlantirish uchun ta’limning sanoatga yo‘naltirilgan innovatsion shakli — falsafa doktori (PhD) darajasini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) darajasi tadqiqotchi olimlarning himoya qilingan dissertatsiya ishlari matnini internetda majburiy e’lon qilish talabini kiritish taklif qilinmoqda.
Oliy ta’lim va ilmiy muassasalarga PhD, DSc va ilmiy darajalarni mustaqil ravishda taqdim etish huquqini berish rejalashtirilmoqda. Buning uchun OTMdan keyingi ta’lim bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi kengashlar tashkil etish, ular ishiga yetakchi olimlar, jumladan chet elliklarni jalb qilish taklif qilinmoqda.