Bizning mentalitetimizda erkaklar asosan oilaga ko‘proq mas’ul bo‘lganliklari uchun oilaviy muammolar va yechimlar aynan ularning zimmasiga tushadi. Katta xayotga qadam qo‘yayotgan har bir erkak oldida turgan muammolarga tayyor bo‘lishi kerak. Har qanday muammoga tayyor bo‘lish uchun esa u muammolar nimadan iboratligini bilish darkor. Kamina ushbu saytga yozgan ilk maqolamni shu muammolarning ba’zilarini sanab o‘tish bilan boshlamoqchiman.
Demak, 1-muammo: Har qanday o‘g‘il bola, erkak kishi kelajakda albatta oila boshlig‘i “lavozimini” egallashi shart.
Tabiiyki oila boshlig‘i o‘z oilasini iqtisodiy ta’minlashi zarur. Iqtisodiy yaxshi ta’minlanishga ega bo‘lish uchun esa albatta doimiy yaxshi ishga ega bo‘lish kerak. Yaxshi (sharoitlari va oyligi yaxshi) ish esa albatta o‘z o‘zidan kelib qolmaydi. Buning uchun siz avvalo kerakli mutahassisga aylanishingiz zarur. Quyidagilarni amalga oshirish mutahassisga aylanishingizda juda zarur:
- Avvalo yoshligingizdan kelajakda kim bo‘lishingizni belgilab olish;
- Shu mutahassislikga kerakli fanlarni a’lo darajada o‘zlashtirish;
- Sohaga oid yangiliklar va kashfiyotlarni kuzatib borish;
Hozirgi davrda albatta biror chet tilini bilish mutahassisga qo‘shimcha “plyus” sifatida hizmat qiladi. Agar ish haqidagi e’lonlarni ko‘rib chiqsak deyarli 70%dan ko‘prog‘ida “chet tilini bilsa ishga kirish imkoniyatlari oshadi” degan jumlani ko‘rishimiz mumkin.
Siz tanlagan soha mutahassislarini tayyorlaydigan bilim yurtlari, Universitetlar, institutlar va boshqa o‘quv yurtlari haqida ma’lumotlar yig‘ing, ularning talablari va yangiliklarini kuzatib boring.
Undan tashqari qo‘shimcha bilimlarga ega bo‘lish, yani rezyume yozish qoidalari, ish yuritish hujjatlarini yozish qoidalari kabi bilimlarni ham egallagan bo‘lishingiz kerak.
2-muammo: Munosib turmush o‘rtog‘ingizni tanlash.
Unutmang erni er qiladigan ham qaro yer qiladigan ham HOTIN.
Buning uchun avvalo biz O‘zbeklar mentalitetimizdan kelib chiqib ish tutsak umuman yutqazmaymiz. Yani bizning kattalarimiz tashqi go‘zallikni eng muhim omil deb hisoblamaganlar.
Avvalo bo‘lajak kelinning oilasi, yashayotgan muhiti va dunyoqarashi bilan tanishish lozim.
O‘zingizga mos va har tomonlama ideal nomzodni toppish oson bo‘lmaydi. Bir kinoda aytadiyu ““erkak kishi hotinni yaxshi yomonini qayoqdan biladi”?!
Nomzodning fikrlashi, bilim doirasi, qiziqishlari, diniy e’tiqodlari va nihoyat tashqi ko‘rinishi sizni qoniqtirishi kerak. Undan tashqari nomzod ayollarga tegishli bo‘lgan umumiy bilimlar hamda kundalik uy yumushlari kabi ko‘nikmalarni mukammal egallagan bo‘lishi lozim.
3-Muammo: Tartib
Tartib bu bizning, ayniqsa erkaklar hayotining ajralmas qismiga aylanishi kerak. Tartib bor joyda unum, samara, ishning rivoji bo‘ladi.
Buning uchun siz avvalo o‘z ishlaringizni oldindan rejalashtiring. Masalan bugun soat 4 da Ingliz tili kursiga borishingiz kerak bo‘lsa albatta boring. Asta sekin ko‘nikasiz tartibli hayotga. Tartibli, rejali ishning unumini va natijasini juda tez ko‘rasiz. Tartibli hayot natijasida siz o‘z vaqtingizni hukmdoriga aylanasiz va uni o‘zingiz hohlgandek boshqarishga imkon topasiz, pulingiz va vaqtingiz tejala boshlaganini ko‘rasiz.
4-Muammo: Ozodalik
Aslida biz o‘zbeklarning oilaviy hayotida, e’tiqodida ozodalik juda muhim o‘rin tutadi. Shunga qaramay hozirgi paytda ba’zi yoshlarimizning yurish turishi odamni hayron qoldiradi.
Hamma joy va davraga qarab kiyining. Masalan futbol o‘ynagani sport formasida, darslarga iloji boricha ko‘ylak va shim, dam olishga esa jinsi futbolka kabi. Bu haqida aslida ko‘p to‘htalish niyatim yo‘q.
Soch soqolingizni har doim tartibga keltiring. Qayoqqa borishingizdan qat’iy nazar soch-soqolingizni har doim nazoratda tuting va tartibga keltiring.
5-Muammo: “Bo‘laveradi”dan voz keching – bo‘lmaydi.
Bizning odamlarda juda bir ajoyib gap bor – bo‘laveradi. Odatda ko‘p hollarda bo‘laveradi deb kamchiliklarga ko‘z yumishni odat qilganmiz. Shiming dazmollanmagan – bo‘laveradi, oyoq kiyimingni tozala – menga bo‘laveradi, soqolingni ol – nima meni birov kuyov qilarmidi, menga bo‘laveradi kabi jumlalarni hatto o‘zimiz ham ko‘p ishlatishga majbur bo‘lamiz.
BO‘LMAYDI!
Hamma narsa risoladagidek bo‘lishi kerak. Menimcha rivojlangan davlatlarning rivojlanish kaliti ham shu tamoyil bo‘lsa kerak. Shu ruchka stolning o‘ng tomonida turishi kerakmi demak shu yerda turadi.
Albatta bu qoidalarning hammasi o‘zimga ham tegishli. Fikrlarimdagi kamchiliklar haqidagi fikringizni kutaman.