Ko‘pchilik sizga diqqat kasbiy faoliyatdagi eng muhim omil ekanini aytgandir. Ammo bu diqqat va qiziqish doirasi kasbdan boshqa narsani ko‘rmaydigan darajada tor bo‘lmasligi lozim. Ishni deb zerikari, kar yoki soqov odamga aylanish – ijtimoiy fojia.
Quyida sizga oddiy qiziqish va mashg‘ulotdan global ahamiyat kasb etgan bizneslar haqida ma’lumot beramiz.
Papa Jons pitssasi
1983 yilda kollejni biznes yo‘nalishida tamomlagan Jon Shnatter ona shahri Jeffersonvilga yo‘l oladi. Oldida turgan yagona maqsad – ish topish va biznesga doir bilimlarini tatbiq qilish bo‘lgan yigitchaga otasi ishonch bildirdi. Otasi unga o‘z hamkori bilan ochgan, aksari mijozlari urushqoq baykerlar bo‘lgan, qarzga botib, inqiroz arafasida turgan qahvaxonada ishlashiga ruxsat beradi.
Jon qahvaxonani tubdan ta’mirlaydi, faqat baykerlar emas, ommaga mo‘ljallangan joyga aylantiradi. Narx-navoga o‘zgartirish kiritib, bilyard stollari va boshqa ko‘ngilochar o‘yinlar uchun sharoit yaratadi.
Jonning sa’y-harakatlari tez orada natija berib, qahvaxona gavjum tamaddixonalardan biriga aylanadi.
Ammo nimadir yetishmas edi. Aksari amerikaliklar singari, Jon Shnatter ham pitssa ishqibozi bo‘lgan. Shuni hisobga olib, Jon bu umumovqatlanish markazini birinchi raqamli pitssa markaziga aylantirishni reja qiladi.
Bu rejaning amalga oshishiga u qadar ham ko‘p vaqt ketmadi. 1984 yildan boshlab yo‘lga qo‘yilgan pitssa sotish biznesi qahvaxona daromadining bosh manbaiga aylandi.
1987 yilga kelib Shnatter tamaddixona biznesidan voz kechib, vaqtini batamom pitssa biznesiga sarflashga qaror qildi. Tamaddixonadagi o‘z ulushini hamda oilaning sevimli mashinasini sotib, unga yonma-yon binodan faqat pitssa pishirib sotadigan "Papa Johns" restoranini ochadi.
Pitssaga bo‘lgan ixlosmandlik orqasidan tashkil etilgan biznes bugungacha ham jadal rivojlanmoqda. 2015 yilda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Papa Jons ayni kunda dunyoning 37 mamlakatida 4,700 dan ziyod shahobchalariga ega.
Kompaniya 2002 yilda boshlab jahonda ilk marotaba pitssaga onlayn buyurtma olish tizimini yo‘lga qo‘ygan.
Bu voqeaga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Kunlarning birida Jek Dorsida ajoyib g‘oya tug‘ildi. 2000 yillardan boshlab o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urib, turli bizneslarda sinab ko‘rayotgan 24 yoshli bu yigit Amerikaning taniqli jurnallaridan biriga borganida lahzalik xat almashish imkonini beruvchi xizmatni ko‘rib, veb-resurs negizida real vaqt sharoitida o‘zaro SMS-xabar almashish mumkin bo‘lgan messenjer loyihasini ishlab chiqishni o‘ylab qoladi.
Uning rejasiga ko‘ra, bu ijtimoiy tarmoq yordamida foydalanuvchi ayni vaqtdagi fikr-mulohazasi va qilayotgan ishi haqida do‘stlari, yaqinlariga xabar berishi ko‘zda tutilgan edi. U hamkori Biz Stoun bilan birgalikda 2 hafta mobaynida g‘oyani pishitadi.
Audio mahsulotlarni yaratish va tarqatish bilan shug‘ullanuvchi Odeo kompaniyasida ishlab yurgan Dorsi inqiroz arafasida turgan kompaniyani qutqarib qolish istagida yurgan rahbriyatga o‘zining Twitter haqidagi g‘oyasini aytadi. Bu g‘oya kompaniya ma’muriyatiga ma’qul keladi va uning uchun pul tikiladi.
Ko‘p o‘tmasdan Apple'ning iPod hamda iTune loyihalari sabab Odeo kompaniyasi inqirozga yuz tutadi. Ammo Jek Dorsining Twitter loyihasi kompaniya hayotini saqlab qoldi.
2006 yilning 21 martida internet tarmog‘ida barpo etilgan innovatsion Twitter messenjeri texno olamga katta yangilik va qulaylik bilan kirib keldi.
U vaqtda 2 yoshda bo‘lgan Facebook endigina ommalashayotgan, shaxsiy kompyuter operatsion tizimiga o‘xshash jihatlarni o‘zida jamlagan smartfonlar hali e’lon qilinmagan edi.
Bugun oddiy aholi ham, jamoat va davlat arboblari, biznes vakillari o‘z o‘quvchilariga 140 belgidan iborat xatlari, yangiliklarni taqdim etadilar.
10 yil mobaynida Twitter xizmati rivojlandi, kompaniya faoliyati kengayib, yirik biznesga aylandi. 2010 yilda uning faol foydalanuvchilari 30 million nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2016 yil boshiga kelib ularning soni 320 milliondan oshdi.
Jahon miqyosida kompaniyaning 35 dan ziyod shahobchalarida 3,900 nafar xodim faoliyat ko‘rsatadi. Ayni vaqtda Twitter loyihasining narxi 10 milliard AQSh dollariga baholangan.
Yankee Candle shamsozlik kompaniyasi
1960 yillar oxirlarida Maykl Kitrej o‘z tengdoshlaridan unchalik ham farq qilmaydigan, maktabdoshlaridan iborat musiqiy jamoada gitara chaladigan yigit edi. Ammo san’atga ixlosi baland yigitchaga bu yo‘l torlik qildi. Iqtisodiy sabablar tufayli guruh tarqab ketdi.
1969 yilning Yangi yil bayrami arafasida 16 yoshli Maykl onasiga nimadir sovg‘a qilgisi keladi. U lampa piligini olib, uni shisha idishga soladi va pilik atrofini rang-barang yumshoq qalam eritmasi bilan to‘ldiradi. Bu eritmaga xushbo‘y hid ham qo‘shadi.
Natijada, u rangli va yoqimli iforli go‘zal shamni yaratadi. U bu sovg‘aning onasiga yoqishini bilar edi. Ammo u sovg‘ani chiroyli qilib o‘ratib ulgurmasidan avval bu kashfiyotga qo‘shnilardan ham xaridor chiqib qoladi. Bu sham 2 dollarga sotiladi. Uning ixtirosi boshqalarning ham og‘ziga tushadi. Mayklda biznes boshlash rejasi tug‘iladi. Shunday qilib Maykl garajda rangli va xushbo‘y iforli shamlar ishlab chiqara boshlaydi.
Maykl Kitrej yuqori maktabni tamomlab, universitetga o‘qishga kiradi. Shunday bo‘lsa ham, shamsozlik mashg‘ulotini davom ettiradi. Ko‘p o‘tmasdan oila hovlisi kengayib borayotgan biznes uchun torlik qila boshlaydi. Korxona o‘z faoliyatini shaharning sobiq tegirmonining binosiga ko‘chiradi. 1998 yilda Maykl kompaniyani 550 million AQSh dollariga sotadi.
Bugun Yankee Candle shamsozlik kompaniyasi AQShning va jahonning eng yirik rangli va iforli sham ishlab chiqaruvchi kompaniyasidir.
Kreygslist
1995 yilda 43 yoshli Kreyg Nyumark Charles Schwab brokerlik xizmatiga ishga joylashish maqsadida San-Fransiskoga ko‘chib o‘tadi.
U vaqtda xalqaro internet tarmog‘i endigina 5 yoshga to‘lish arfasida va hech kim uning keyingi taqdiri haqida aniq tasavvurga ega emas edi. Kreygning bir odati bor edi: u zamonaviy imkoniyatdan foydalangan holda, do‘stlariga, yaqinlariga elektron pochta orqali o‘zi bilgan, eshitgan yangiliklar haqida ma’lumotlar yuborib turar edi.
Uzoqni ko‘ra olgan Kreygda yaxshi g‘oya tug‘iladi. U dasturchilarga elektron pochta orqali mahalliy tadbir va anjumanlar haqida xabar berish xizmatini yo‘lga qo‘yadi.
Qisqa fursatda mushtariylari soni ko‘payib, internet foydalanuvchilari orasida ommalashgan Kreyg Nyumarkning xizmati orqali sotuvga qo‘yilgan buyumlar, bo‘sh ish o‘rinlariga oid ma’lumotlar ham taqdim qilina boshlandi.
Janob Nyumark bu xizmatga ehtiyoj yaqin kelajakda yuqori bo‘lishi, buning uchun elektron pochtaning o‘zi kifoya qilmasligini tushunib yetadi va craigslist.org — Kreygslist elektron e’lon va reklamalar veb-saytiga asos soladi.
Avvaliga shunchaki qo‘shimcha mashg‘ulot, keyin ikkinchi darajali biznesga aylangan bu ish Kreygning asosiy ishiga aylanadi va u 1999 yilda o‘z ishidan ketib, bor vaqtini Kreygslistga bag‘ishlaydi. Kreyg o‘z kompaniyasining egasi va ilk dasturiy ta’minot injiniringiga aylandi. Elektron e’lonlar sayti qisqa muddatda boshqa shtatlarda ham ommalashadi.
Ayni paytda mazkur sayt xalqaro ahamiyatga ega bo‘lib, unda jahonning 15 tilida, 70 davlati va 700 ta yirik shaharlaridagi tadbirlar, xaridlar, ish o‘rinlari, uy-joy haqida bepul e’lonlar beriladi.
Har oy bu saytning sahifalari 20 milliard marotaba ko‘riladi. Har kuni craigslist.org'ga 300,000 dan ziyod e’lon qo‘yiladi. AQShda uning 49.4 million nafar faol o‘quvchilari bor. Kompaniyaning 2010 yilga kelib 200 million AQSh dollari miqdorida daromad qilgani aytilmoqda.
Gibson gitara korporatsiyasi
1880 yillarda oddiy sotuvchilik bilan shug‘ullangan Orvil Gibson mandolina musiqiy asbobini chalishga qiziqar edi. Bu musiqa asbobi gitaraga qadar G‘arbda juda ommalashgan edi.
1894 yilda 38 yoshli Orvil Gibson Michigan shtatida mandolina va gitaraga o‘xshab ketadigan yangi ko‘rinishdagi musiqiy asbobni yasaydi. U skripka yasovchi ustalar bilan maslahatlashib, bu musiqa asbobi shaklini skripkaga o‘xshatib ishlaydi va yangi san’at vositasini kashf qiladi, unga patent oladi.
1896 yildan boshlab Orvil Gibson mandolina, gitara va ud ishlab chiqara boshlaydi va 1902 yilda Gibson kompaniyasiga asos soladi. Ayni kunda mazkur kompaniya dunyoning eng yirik musiqiy asboblari ishlab chiqaruvchisidir.
Umid qilamizki, yuqoridagi tarixiy hikoya va dalillar sizni bir oz ruhlantirdi. Bugun hali ham o‘ziga mos ish topa olmagan odam o‘zi uchun o‘zi ish yaratib berish imkoniyatiga ega. Nimagadir qiziqsangiz, bu yo‘lda o‘zingizni mohir, deb bilsangiz o‘zingiz uchun ham, boshqalar uchun ham foydali biznesni boshlang.
Doimo omadingizni bersin!