O‘zlarining holatidan kelib chiqqan holda ob-havoni oldindan “bashorat” qiluvchilar haqida ko‘p eshitgansiz. Balki o‘zingiz ham shu toifa insonlar sirasiga kirsangiz ajab emas. Bashoratchilikning asosiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, barcha organizmlar, shu jumladan odam ham tashqi va ichki muhit sharoitlariga moslashishga intiladi. Ob-havoga ta’sirchanlarda esa yuqorida aytib o‘tgan moslashish jarayonida muammolar borligini anglashimiz mumkin. Quyoshli kunlardan keyin keluvchi yog‘ingarchilikli ob-havoga himoya (moslashuv) mexanizmi yaxshi shakllangan odamlar hech bir aziyat ko‘rmasdan o‘tishadi. Metiota’sirchan insonlar esa bu jarayonda sezilar-sezilmas o‘zgarishlarni yoki kuchli og‘riqlarni his qilishi mumkin.
Ob-havoga ta’sirchanlikning uch turi farqlanadi. Bular metiota’sirchanlik, metiotobelik, meteonevroz. Hozir siz bilan uchala turda ham bemorlarda kuzatiladigan o‘zgarishlarni ko‘rib chiqamiz.
Meteota’sirchanlik – bemorlarda holsizlik, bosh og‘rig‘i, uyqu bosishi, ish faoliyatining pasayishi, diqqatni jamlay olmaslik va kayfiyatning yomonlashuvi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Agarda o‘zingizda shunday hollarni sezsangiz (avvallari ham bu jarayon kuzatilgan bo‘lsa) eng asosiysi miriqib uxlash tavsiya etiladi. Bundan tashqari sun’iy suv havzalarida suzish, yengil hazm bo‘luvchi taomlarni iste’mol qilish (dukkakli va yog‘li mahsulotlardan voz kechish), televizor va elektronika buyumlaridan (telefon, planshet, komyuter) kamroq foydalanishni tavsiya qilamiz. Va tinchlantirish xossasiga ega bo‘lagan damlama va qaynatmalardan iste’mol qilish ham mumkin. Masalan, valeriana o‘simligidan damlama tayyorlash mumkin.
Meteotobelik – qon bosimining o‘ynashi, pulsning tezlashuvuvi, yuqori tana harorati, uyqusizlik, bosh aylanishi, bo‘g‘imlardagi og‘riq va ish qobiliyatining butkul yo‘qolishi kabi belgilar bilan yuzaga chiqadi. Bu belgilar fasllar almashuvida, ayniqsa qish tugab bahor boshlanayotganda yaqqol namoyon bo‘ladi. Chunki bu davrda organizm yuqtirib olgan yuqumli kasalliklar belgilar yuzaga kelishiga zamin yaratadi (va/yoki aksincha). Meteotaobelik bo‘lish bo‘lmasligidan qat’iy nazar yuqumli kasalliklar ilk bosqichidayoq to‘xtatilishi va yangi mavsumga sog‘lom tayyorgarlik ko‘rish lozim. Yashash sur’atini pasaytirib, stresslar miqdorini kamaytiring. Shuningdek jismoniy va kuchli ruhiy zo‘riqishlardan ham o‘zingizni asrang.
Meteonevroz – meteotobelik belgilariga o‘xshash belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zan esa yuqoridagilardan hech bir belgi kuzatilmasdan, shunchaki kishi o‘zi bilmagan holda odamovi va o‘ychan bo‘lib qoladi. Lekin puls va qon bosimi doimiy me’yorda bo‘ladi. Agar kishi o‘zida shunday holatni his etsa, nevropatolog yoki psixiator qabuliga borishi zarur. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, bunday muammolardan odatda tez va oson qutilish mumkin.
Manba: Avitsenna.Uz