O‘z valyuta tizimi liberalizatsiyasidan keyin, endi O‘zbekiston o‘nlab yillar davomida qat’iy valyuta va narx siyosatidan «buzilgan» (noto‘g‘ri) holatga kelgan butun iqtisodiyotini qayta qurishi zarur. Bu haqda Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari Reuters bilan suhbatda aytib o‘tdi, deb yozadi Spot.
Mamlakat energiya tashuvchilar narxini oshirish yoki o‘zgaruvchan sharoitlarga moslasha olmaydigan korxonalarni yopish kabi og‘riqli choralarni ko‘rishi kerak. Ayni vaqtda inflyasiyani nazorat qilish va biznes muhitini yaxshilash kerak.
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh iqtisodchisi Gans Timmer hukumatni islohotlar sur’atlari bilan baravar qadam tashlashga chaqirdi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo departamenti direktori o‘rinbosari Yuxa Kaxkonen alohida intervyuda inflyasiyaga qarshi kurash maqsadlarida qat’iyroq byudjet va pul-kredit siyosati zarurligini ta’kidladi.
So‘m deyarli ikki barobarga devalvatsiya qilinishi natijasida kuzatilgan valyuta liberalizatsiyasi ko‘plab kompaniyalarga ta’sir ko‘rsatdi. Ularning ba’zilari, masalan, Braziliyadan import qilingan xom ashyodan foydalangan shakar zavodlari kurashmoqda. Shakar uchun xom ashyoning narxi ular uchun sezilarli ravishda oshdi, shakarning chakana narxi esa aholi uchun muhimligi tufayli belgilab qo‘yilgan holda qolmoqda.
Buning o‘rniga, hukumat tozalangan shakar importini faollashtirdi. Bu O‘zbekistonni joriy yilda Ukraina shakarining eng yirik xaridoriga aylantirdi.
«Muayyan sektorlar va kompaniyalar uchun imtiyozli rejimni qisqartirishdan tashqari, iqtisodiyotdagi buzilishlarni bartaraf etish ham muhimdir», — dedi Timmer.