Qozog‘istonning xatosi - O‘zbekiston hukumati uchun o‘ziga xos dars, O‘zbekistonning tobora o‘sib borayotgan aholisi - uning oldinga siljishi uchun turtkidir.
Amaliy iqtisodiyot tadqiqotlari markazi direktori, qozog‘istonlik taniqli iqtisodchi Janibek Aygazinning aytishicha, O‘zbekiston aholisining o‘sishi va mamlakatning dunyoga ochilishga tayyorligi Toshkentni Markaziy Osiyoda yetakchiga aylantirish uchun barcha sharoitlarni yaratadi.
- Ular mehnatkash odamlardir, qadim zamonlardan beri o‘troq yashab kelishgan. Ular ajoyib dehqon bo‘lib, har doim kichik mahsulot hunarmandchiliklari bilan qiziqishgan.
Biz, qozoqlar, asosan yaylov chorvachiligi bilan shug‘ullanganmiz: faqat podani haydash va boshqa joyga olib borish uchun ko‘nikma kerak edi. Ha, bu ham ish, lekin u juda ko‘p texnik ko‘nikmalarni talab qilmaydi.
O‘zbeklar juda intizomli. Joylashuv ham ta’sir ko‘rsatadi: Toshkent har doim sobiq SSSRning janubiy poytaxti bo‘lib kelgan, Moskvaning geografik chegaralarni rivojlantirish bo‘yicha barcha e’tiborini o‘ziga tortgan.
Hatto ularda infratuzilma ham biznikidan ko‘ra ko‘proq rivojlangan: u yerdan siz to‘g‘ridan-to‘g‘ri Nyu-Yorkka ucha olasiz, - deya ta’kidlaydi u.
Aygazinning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston hozirgi paytda o‘tish davrining barcha «zavqlari» bilan bozor iqtisodiyotiga hali to‘liq o‘tmadi, aynan shu bilan ham Qozog‘istondan farq qiladi.
- O‘zbekistonda hozirgi paytda davlat mulki hamon ustun turibdi. Ammo asta-sekin iqtisodiy erkinlashtirish jarayoni amalga oshiriladi va xususiylashtirish boshlanadi. Qanday bo‘lmasin, bu yuz beradi, chunki davlat ulkan aktivlarni ta’minlab tura olmaydi.
O‘zbekistonning dunyoga ochilish jarayonida xorijiy sarmoyalar kirib keladi, yangi ishlab chiqarish va ish o‘rinlari yaratiladi. Albatta, ko‘plab o‘zbeklar Rossiya va Qozog‘istonda ishlashadi. Ammo mamlakat ichida ham ko‘plab mehnat resurslari qolmoqda.
Liberal qarashlarni tushunish nuqtai nazaridan ortda qolish bor, va bu bozorni tushunish bo‘yicha o‘z izini qoldirdi. Lekin mening fikrimcha, ular bunga tezda o‘rganadi.
Biz esa, mustaqillikning 26 yili ichida yirik ishlab chiqarish sanoatini yaratishga muvaffaq bo‘lmadik, iqtisodiyotimiz faqat qazib chiqarish sohalariga asoslangan. Bizda katta quvvatlar, ishlab chiqarish sanoati yo‘q - bu yuqori qo‘shimcha qiymat hosil qiladi va mamlakat aholisini tovarlar bilan ta’minlashda muhimdir, - deydi Aygazin.
O‘zbekiston hali JSTga a’zo bo‘lmaganligini hisobga olib, unda, iqtisodchining fikricha, o‘zini himoyalash va sanoat hamda qishloq xo‘jaligi raqobatbardoshligini oshirish uchun qandaydir kart-blansh mavjud.
- O‘zbekiston jahon bozoriga asosiy paxta yetkazib beruvchi ekani va uni ishlab chiqarish bo‘yicha oltinchi o‘rinni egallashini unutmasligimiz kerak. Mamlakatda Rossiya va Qozog‘iston tajribasi o‘rganilmoqda hamda xatolarimizdan xulosa chiqarilmoqda. Shundan kelib chiqib, ular o‘zlari uchun mos iqtisodiyotni erkinlashtirish modelini tanlashadi. 90-yillarning boshlarida biz bu yo‘ldan ketgandik. 1993-1994 yillarda Qozog‘istonda inflyasiya 2000%dan ortiq bo‘ldi - bu giperinflyasiya.
O‘zbekiston, umid qilamanki, xususiy mulkning to‘liq hukmronligiga vazminlik bilan o‘tadi, narxlarni, valyuta kurslarini, mulkiy huquqlarni erkinlashtiradi, tovarlar va odamlarning erkin harakatlanishini joriy etadi va h.k. Umid qilamanki, hozirgidek qat’iy nazorat bo‘lmaydi.
Hozircha esa, o‘zbeklar SSSR davridagi kabi chiqish vizalarini olishga majburlar. Hozir bor bo‘lgan YaIM hajmi ularning salohiyatidan uzoq, kelajakda esa, yanada ko‘proq bo‘ladi, - deb hisoblaydi iqtisodchi.
- Shunday qilib, oddiy liberalizatsiya jarayonida ularni bizga yetib olishi va ortda qoldirib ketishi mumkin. Biz ular kabi tartibli emasmiz. Hatto qonunlarni qabul qilsak ham, biz ularni zaif tarzda ijro etamiz, lekin ularda hammasi boshqacha. To‘g‘ri, sovet iqtisodiy modelining qoldiqlari rivojlanish yo‘lida ularga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Boshqa tomondan, bu Belarusda ham bor, biroq mamlakat baribir muvaffaqiyatli. Endi biz O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga intilishimiz va ularga nima taklif qilishga tayyor ekanimiz haqida o‘ylashimiz lozim.
Hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak, chunki yaqinda O‘zbekiston o‘ziga tortish markaziga aylanadi. Masalan, chegarada ular bilan erkin iqtisodiy hududni yaratish, qishloq xo‘jaligida hamkorlik o‘rnatish mumkin. Sarmoyadorlar bor, ular salohiyatni ko‘rishmoqda, - deya xulosa qilgan Aygazin.
Manba: Kun.uz