O‘zbekistonning eng yirik dorixonalar tarmog‘i Amerikaning “United Investment Healthcare Group LLC” kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga topshirilishi mumkin.
Ushbu haqidagi Prezident qarori loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida 23 avgust kuni joylashtirildi. Hujjat O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
“Istisino tariqasida, "Dori-Darmon" AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini AQShning "United Investment Healthcare Group LLC." Kompaniyasiga 5 yilga ishonchli boshqaruvga topshirilsin”, - deyilgan hujjat matnida.
Shartnomani dastlab 5 yil muddatga imzolash va bines-rejadagi ko‘rsatgichlarga erishilgan holda - yana besh yilga uzaytirilish nazarda tutilgan.
"Dori-Darmon" AJ – ustav kapitalida davlat ulushi 71%ni tashkil qiladi. Ayni damda "Dori-Darmon" aptekalar tarmog‘i butun O‘zbekiston bo‘ylab joylashgan 2200 dan ortiq aptekalarni o‘z ichiga olgan. Ushbu dorixonalar aholiga ijtimoiy muhim bo‘lgan dori vositalari yetkazib beradi.
Undan tashqari "Dori-Darmon" AJ davlat tibbiyot muassasalariga narkotik va psixotrop dorilar yetkazib beruvchi yagona tarmoqdir.
Eslatib o‘tamiz, "United Investment Healthcare Group LLC." kompaniyasi nomi yangiliklarda ilk bor 2018 yilning 17 may kuni paydo bo‘lgan edi. O‘shanda O‘zbekiston delegatsiyasining AQShga bo‘lgan safari vaqtida “Dori-Darmon” AJ direktori Ravshan Azimov va va "United Investment Healthcare Group LLC." kompaniyasi direktori Georgiy Pavlenishvili orasida memorandum imzolangani haqida xabar qilingan edi.
E’tiborlisi, Google va Yandeks qidiruv tizimlari orqali "United Investment Healthcare Group LLC." Kompaniyasi va uning dorixonalar sohasida sarmoyalarni boshqarish tajribasi haqida batafsil ma’lumot topishning iloji bo‘lmadi.