Bilasizmi?

O‘zbekistonliklar hukumatdan nimalarni istashmoqda? "Yig‘di-yig‘di"ni taqiqlashdan nikoh yoshini bir xil qilishgacha

20 aprel kuni ishga tushirilgan Mening fikrim jamoaviy murojaatlar portalida ilk jamoaviy murojaatlar joylashtirildi.

Shavkat Rahmonov tomonidan 21 aprel kuni joylashtirilgan murojaatda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyat turlari ro‘yxatiga turizm sohasi (mavsumiy xizmat ko‘rsatish)ni kiritish taklif etilmoqda. Muallif yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyat turlariga shaxsiy xonadonlarda turistlarga va dam oluvchilarga kunlik mehmonxona xizmatini ko‘rsatish faoliyatini kiritish lozimligi, bu esa o‘z navbatida davlat byudjetiga, qolaversa oila byudjetiga daromad keltirishi, turizm va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishini bildiradi. Mazkur murojaatga 23 kishi ovoz bergan (maqola tayyorlanayotgan paytdagi holatga ko‘ra).

Abrorxon Obidov tomonidan kiritilgan ayollar va erkaklar uchun nikoh yoshini bir xil etib (18 yosh) belgilash lozimligi haqidagi murojaatga 65ta ovoz berilgan bo‘lib, muallifning ta’kidlashicha, Oila kodeksida belgilangan nikoh yoshi boshqa qonun hujjatlarida belgilangan yoshga doir qoidalarga nisbatan kolliziyaga kirishayotganligini ko‘rish mumkin.

"Negaki, "Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasida "18 yoshga to‘lgunga qadar bo‘lgan shaxslarning barchasi bola hisoblanadi", degan qoida belgilangan. Bundan ma’lum bo‘ladiki, milliy qonunchiligimizning o‘zida belgilangan normalar qizlar orasida tez-tez kuzatiladigan majburiy, erta nikohlarning asl kelib chiqish omili ekanligiga ishora qiladi. Qayd etish lozimki, ko‘plab xorijiy davlatlarda nikoh yoshi yigit va qiz uchun bir xil ya’ni 18 yosh etib belgilangan", deb yozadi muallif.

Muallifning eslatishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasida: "Nikoh yoshi erkaklar uchun 18 yosh, ayollar uchun 17 yosh etib belgilanadi. Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin" ekanligi to‘g‘risidagi norma belgilab qo‘yilgan.

Baxtiyor Maxsudov bozorlar hisobidagi do‘kon va rastalarni onlayn ijaraga berish va elektron hisobga olish tizimini joriy etish haqidagi taklif kiritgan. Uning fikricha, bu bozorlardagi savdo rastalarini ijaraga berish jarayonidagi korrupsiyani yo‘qotadi. Mazkur taklifni 69 kishi qo‘llab-quvvatlagan.

Nasrulla Satlikov esa temir yo‘l vokzallariga kirib-chiqishni erkinlashtirishni taklif qilmoqda.

"Poytaxtimizdagi va viloyatlardagi vokzallarga kirib-chiqish yo‘lovchilarni kuzatuvchilarga va kutib oluvchilarga katta muammo sanaladi. Vokzallarga kirib-chiqishdagi hozirgi holat nafaqat fuqarolarimiz uchun, shuningdek yurtimizga tashrif buyurayotgan turistlar uchun ham noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Shu munosabat bilan vokzallarga kirib-chiqish tartibini soddalashtirib, fuqarolarga biletsiz kirib-chiqish imkoniyati yaratilishini so‘rayman", deya bildirilgan bu taklif 113ta ovoz olgan.

Eng ko‘p — 139 ta ovozni esa Jamshid Xoliqov tomonidan kiritilgan maktablarda o‘quvchilardan, ularning ota-onalaridan pul yig‘ish holatlariga barham berish va bunga yo‘l qo‘ygan shaxslarga javobgarlik belgilash lozimligi haqidagi murojaat olgan.

Muallif umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quv yili boshidan to oxiriga qadar har chorakda o‘tkaziladigan ota-onalar yig‘ilishlarida mablag‘ yig‘ish masalasi muhokama qilinishi odatiy holga aylanib qolganligini yozadi.

"Ushbu salbiy illatga bugun barham berilmasa, kelajakda bolalarimiz maktablarda o‘qish o‘rniga, aytilgan mablag‘ni yetkaza olmaganligi uchun o‘qituvchi va sinfdoshlari oldida izza bo‘lishi, bu esa ularning ruhiy holati va o‘qishiga bo‘lgan qiziqishining susayishiga olib kelishi mumkin", — deb yozadi u.

Muallifning fikricha, ota-onalar va oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyati va mavqelari bolalarining bir xil muhit va sharoitlardagi maktablarda tahsil olishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasligi kerak.

Jamshid Xoliqov ushbu noqonuniy jarayonga taqiq qo‘yilishi hamda tegishli javobgarlik choralari va jarimalar belgilanishini taklif qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida “Mening fikrim” maxsus veb-portali yaratilishi belgilangan edi. Bunda internet tarmog‘ida Parlament va fuqarolar o‘rtasida elektron jamoaviy murojaat kiritish imkoni beruvchi maxsus maydon yaratish nazarda tutilgan edi.

www.meningfikrim.uz portali O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi qonunchilik muammolari va Parlament tadqiqotlari instituti hamda qator mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.