Dunyoning eng yirik elektron savdo maydonchalaridan biri bo‘lgan AliExpressda, o‘tgan yilda O‘zbekistondan amalga oshirilgan xaridlar hajmi 90 foizga oshdi, deb xabar qilmoqda xitoyning Esns.cn nashri.
“O‘zbekistonliklar, boshqa mamlakatlik xaridorlar kabi, asosan kiyim, aksessuarlar, mobil telefonlar, maishiy texnika va kosmetika sotib olishgan”, — deyilgan xabarda.
Xitoy nashrida aytilishiga ko‘ra Markaziy Osiyo hududida xaridlar hajmi eng tez o‘sayotgan mamlakat Qirg‘iziston bo‘lib qolmoqda. “Ushbu mamalkat bilan qilingan savdo hajmi 4 baravar oshgan. Tojikiston bilan savdo hajmo 110 foizga, Qozog‘iston bilan 82 foizga oshgan”, — deyilgan xabarda.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, o‘tgan yili AliExpressda sotib olingan eng qimmat tovar — ekinlarga dori sepuvchi dron bo‘lgan. Qiymati 6000 dollarlik uskunani hindistonlik tadbirkor xarid qilgan.
Eslatib o‘tmiz, ayni damda O‘zbekiston xorijiy internet magazinlar orqali sotib olinayotgan mahsulotlar uchun yangi bojxona tariflari ishlab chiqarilmoqda. Yangi qonun loyihasida aytilishiga ko‘ra, yilning bir kvartali, ya’ni uch oy davomida shaxsiy foydalanish maqsadida olib kelinayotgan mahsulotlarning qiymati 1000 AQSh dollaridan, vazni 30 kgdan oshmasa – bojxona to‘lovlarisiz amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari bir oy davomida xorijiy internet magazinlardan bojxona to‘lovlarisiz qiymati 1000 dollargacha bo‘lgan xaridlarni amalga oshirishlari mumkin.