Bilasizmi?

O‘zbekistonlik taekvondochilar BAAda 16 medalni qo‘lga kiritdi

Taekvondo (WTF) bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 23−25 fevral kunlari Al-Fujayrada bo‘lib o‘tgan Fujairah Open 2017 xalqaro reyting musobaqasida 16 medalni qo‘lga kiritdi. Bellashuvda 35 mamlakatdan 589 sportchi ishtirok etdi.

Gazeta.uz'ning yozishicha, milliy terma jamoa uchta oltin, beshta kumush va sakkizta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

12−14 yoshli o‘smirlar bellashuvlarida Amirbek To‘rayev (-37 kg), Azizbek Rahmonberdiyev (-49 kg) va Daniil Kim (-33 kg) eng yuqori pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa, Javohir Xolmurodov (-37 kg) finalda hamyurtidan mag‘lubiyatga uchrab, kumush medal bilan taqdirlandi.

15−17 yoshlilar o‘rtasida Zuhra Ochilova (-63 kg) musobaqa vitse-chempioni bo‘ldi. Islom Yuldashev (-78 kg), Dinora Muxtorova (-44 kg) va Feruza Sodiqova (-63 kg) — bronza medali sohiblari.

Kattalar o‘rtasida (17 yoshdan) Nikita Rafalovich (-74 kg), Shuhrat Salayev (-63 kg) va Nigora Tursunqulova (-67 kg) terma jamoa xazinasiga kumush medallarni tortiq qildi. Vayentin Xegay (-54 kg), Maksim Rafalovich (-80 kg), Temur O‘rolov (-58 kg), Maftuna Ergasheva (-73 kg) va Svetlana Osipova (+73 kg) esa uchinchi o‘rin bilan cheklandi.