24-29 iyul kunlari Nepal poytaxti Katmandu shahri og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi, deb yozmoqda Qalampir.uz. Musobaqada O‘zbekiston sharafini 15 nafar sportchi himoya qildi.
Qizlar o‘rtasida 75 kilogramm vazn toifasida kurash olib borgan Gulnoza Ahmadova barcha raqiblarini ortda qoldirib, ham dast ko‘tarish, ham siltab ko‘tarishda oltin medallarni qo‘lga kiritdi va ikkikurash natijasiga ko‘ra ham tengsiz deb topilib, Osiyo chempioni nomiga sazovor bo‘ldi.
63 kilogramm vazn toifasida chiqish qilgan Kumushxon Fayzullayeva esa ikkita oltin va bitta bronza medaliga ega chiqdi. Shuningdek, Tursunoy Jabborova (69 kg) uchta kumush, Shahlo Abdullayeva (58 kg) uchta bronza va Shodmonoy Ochilova (90 kg) ikkita bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Natijada O‘zbekiston qizlar terma jamoasi 17 ta mamlakat vakillari orasida Xitoy delegatsiyasidan so‘ng faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Kuchli uchlikni esa Tailand termasi yakunlab berdi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bellashuvlar yanada keskin va shiddatli ruhda kechib, unda o‘zbekistonlik yoshlar qit’ada tengsiz ekanliklarini amalda isbotlay olishdi. Ayniqsa, Sarvar Toshtemirov (69 kg) va Aleksandr Li (94 kg) qayd etgan natijalar tahsinga sazovor. Har ikkala sportchi uchtadan oltin medallarga ega chiqib, o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘lishdi va Osiyo chempionligini tantana qilishdi.
Saidmuhtor Saidahrorov (94 kg) uchchala yo‘nalishda kumush medallariga loyiq ko‘rildi. Azim Xojiyev (85 kg) uchta, Musharrafbek Rahimov (62 kg) ikkita va Muhammadqodir Toshtemirov bitta bronza medallariga ega chiqishdi. Yakunda O‘zbekiston terma jamoasi 27 mamlakat delegatsiyalari orasida birinchi o‘rinni egallab, eng yaqin ta’qibchilari Tailand va Eron termalaridan ilgarilab ketdi.
Osiyo chempionatida ishtitirok etgan delegatsiya a’zolari o‘tirgan samolyot kecha, 29 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:00 da Islom Karimov nomidagi Toshkent Xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi.