Bilasizmi?

O‘zbekistonga olib kirilayotgan mahsulotlarda 17 xil zararli organizmlar aniqlangan

Joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonga olib kirilayotgan 70 ming tonnadan ziyod qishloq-xo‘jaligi mahsulotlarida 17 xil zararli organizmlar aniqlangan.

Bu haqda juma kuni Toshkentdagi Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev hisobot berdi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Xususan, 2018 yil boshidan "O‘zdavkarantin" inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan eksportyor hududning o‘zida tekshiruv ishlarini olib borish yo‘lga qo‘yilgan. Ana shu tajriba asosida,  quyidagi holatlar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilgan:

Italiyadan 60 ming dona yong‘oq ko‘chati «bakteriyali rak» kasalligi aniqlangani uchun qaytarilgan; Rossiyadan "fitoftoroz2 bilan kasallanganligi aniqlangani uchun 1000 tonna urug‘lik kartoshka qaytarilgan;

Qozog‘istondan "xalqali chirish" va "fitoftoroz" bilan kasallangani hamda "kartoshka kuyasi" borligi aniqlangani uchun 3500 tonna urug‘lik va ozuqabop kartoshka qaytarilgan;

Pokistondan "kartoshka kuyasi" borligi aniqlangani uchun 30 000 tonna urug‘lik kartoshka qaytarilgan;

Misr va Erondan olib kirilayotgan 60 tonna sitrus mevalar zararsizlantirilgan;

Qozog‘istondan olib kelingan 132 tonna urug‘lik kartoshka "xalqali chirish" bilan kasallangani hamda «kartoshka kuyasi» borligi aniqlangani uchun yo‘q qilindi;

Pokistondan olib kirilayotgan 24 tonna apelsin va olma mahsulotlaridan "tut oq qalqondori", "sariq pomerans qalqondori" va "sitrus oq qanoti" karantin organizmlari aniqlangani uchun qaytarib yuborilgan.

Turkiyadan olib kelinayotgan 90 tonna chigit mahsulotidan "g‘o‘za kuyasi" aniqlangani uchun orqaga qaytirilgan. Undan namuna uchun olingan 80 kg chigit mahsuloti yoqib yo‘q qilindi.

Gretsiyadan olib kelingan 400 kg urug‘lik chigitdan "g‘o‘za kuyasi" aniqlangani uchun yoqish yo‘li bilan yo‘q qilingan.

Germaniyadan 300 tonna, Gollandiyadan 3500 tonna urug‘lik kartoshka joyida borib o‘rganilganida fitosanitar nosog‘lom deb topildi.

"Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni davlat nazorat organlari tomonidan ijro etilishini o‘rganish davomida qator muammolar aniqlandi. Bu 20 yil avval qabul qilingan qonun hujjati zamon talablariga javob bermaydi, degan xulosaga kelish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda", - dedi Nizamxodjayev.

Senat vakilining so‘zlariga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzurida Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilishi zarurligi qayd etilgan.