Bilasizmi?

O‘zbekistondagi ilk tog‘ chang‘i kurortini qaysi kompaniya qurishi ma’lum bo‘ldi

Xabaringiz bor, Prezidentning “Chorvoq” erkin turistik zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni bilan yaqin kelajakda tog‘-chang‘i kurorti bunyod etilish rejalashtirilgan.

O‘zbekistondagi ushbu ilk zamonaviy tog‘ chang‘isi kurorti qurilishini Andorra kompaniyasi muvofiqlashtirib boradi. Tog‘ kon komplekslari biznes jarayonlarini boshqarish va bu sohada xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lgan Andorraning PGI kompaniyasi va O‘zbekistonning Amirsoy Mountain Resort kompaniyasi o‘rtasida bitim imzolandi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar bermoqda.

PGI loyihani ilk qadamlaridan boshlab to tog‘ chang‘isi kurorti o‘z faoliyatini boshlamaguncha va birinchi mijozlarini qabul qilmaguncha boshqaradi. Dastlabki bosqichda loyihani boshqarish, keyin qurilishning o‘zini nazorat qilish bilan shug‘ullanadigan maxsus xalqaro mutaxassislar jamoasi yig‘ib beriladi.

Mazkur loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – tog‘ chang‘isi kurorti top-menejmenti uchun strategik qo‘llab-quvvatlashni taklif etish, texnik talablarni belgilash, loyihaning barcha manfaatdor tomonlari uchun kommunikatsiya liniyasini yaratish, qurilish jarayonini risoladagidek muvofiqlashtirishni ta’minlash.

Keyingi bosqichlarda Andorra kompaniyasi loyiha o‘z muddatida, lekin sifat yo‘qotilmagan holatda bajarilishi uchun barcha pudratchilar jamoasini boshqarishda ko‘mak beradi hamda qurilish jarayonlarini nazorat qilib boradi.

Pirovardida “Amirsoy” O‘zbekistonda yil bo‘yi faoliyat yuritadigan va xalqaro standartlarga javob beradigan birinchi tog‘ chang‘isi kurortiga aylanadi.

PGI kompaniyasi ayni paytda Ozarbayjon, Fransiya, Argentina, Qozog‘iston va boshqa davlatlardagi kurortlarni boshqarib kelmoqda.