Bilasizmi?

O‘zbekistonda yo‘lovchi tashuvchi transportda videoregistrator o‘rnatilishi majburiy bo‘ladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining "Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori loyihasi umumiy muhokamaga qo‘yildi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, 2019 yil 1 iyulga qadar jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlardan sodir etilgan huquqbuzarliklar holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni to‘plovchi veb-portal ishga tushiriladi.

Shuningdek, 2019 yil 1 iyuldan mulkchilik shaklidan qat’i nazar jamoat transporti va yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari uchun videoregistratorlar o‘rnatish bo‘yicha majburiy tartib joriy etiladi.

Huquqbuzarlik qayd etilgan videoyozuvlarni yuborgan fuqarolar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan eng kam oylik ish haqining besh foizi miqdorida rag‘batlantiriladi.

Videoregistratorlar orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan videoyozuvlarni taqdim etgan fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Ichki ishlar va Moliya vazirliklari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlardan sodir etilgan huquqbuzarliklar holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni to‘plovchi veb-portal faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur texnika vositalarini xarid qilish uchun mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Hujjat loyihasi 2018 yil 3 avgustgacha muhokama qilinadi.