Bilasizmi?

O‘zbekistonda yana bir erkin iqtisodiy zona tashkil etildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Buxoro-Agro" erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deb xabar qildi Adliya Vazirligining "Huquqiy axborot" kanali.

Qarorga muvofiq Buxoro viloyatida "Buxoro-agro" erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi.

"Buxoro-agro" EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati u tashkil etilgan kundan boshlab, mazkur muddatni keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qiladi.

"Buxoro-agro" EIZning asosiy vazifasi — issiqxonalar qurish uchun konstruksiyalar, jihozlar va boshqa butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va ularning eksport hajmini oshirish belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, shu kunga qadar O‘zbekistonda 16 ta erkin iqtisodiy zona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bular "Navoiy", "Angren", "Jizzax", "Urgut", "G‘ijduvon", "Qo‘qon", "Hazorasp", "Sirdaryo", farmatsevtika sohasiga ixtisoslashgan "Nukus-farm", "Zomin-farm", "Kosonsoy-farm", "Sirdaryo-farm", "Boysun-farm", "Bo‘stonliq-farm", "Parkent-farm" erkin iqtisodiy zonalari shuningdek, turizmga ixtisoslashgan "Chorvoq" erkin turistik zonasi.