«Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida"gi Qonun loyihasi QHTBT portalida joylashtirilgan. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2018 yil 19 iyuldagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi («O‘zatom» agentligi) tashkil etilgan. Hujjat sharhi bilan bu yerda tanishing. Hujjatga muvofiq muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihasi 1 oktyabrgacha Qonunchilik palatasiga kiritilishi kerak.
Taqdim etilgan hujjatdagi eng muhim jihatlarni ajratib ko‘rsatamiz.
Yadro materiallari, qurilmalari va saqlash punktlari — oborot qobiliyati cheklangan ob’yektlar. Ularning mulkdori yo davlat, yoxud prezident tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdagi yuridik shaxs bo‘ladi. Yadro materiallariga bo‘lgan mulk huquqini faqat davlat rahbari bilan kelishuvga ko‘ra xorijiy davlat yoki kompaniyaga berish mumkin. Qonunga zid keluvchi har qanday bitim arzimas sanaladi (sud ularni ana shunday deb tan olishidan qat’i nazar, haqiqiy emas, tahr.).
Atom energetikasini tartibga solish sohasidagi vakolat chegaralanadi. Qonun loyihasida prezident, Vazirlar Mahkamasi, «O‘zatom» agentligi va davlat boshqaruvi organlarining atom energiyasidan foydalanish sohasidagi vakolatlari keltirilgan. Masalan, davlat rahbari mulkida yadro materiallari va qurilmalari bo‘lishiga ruxsat etilgan tashkilotlar ro‘yxatini tasdiqlash bilan bir qatorda: yadro qurilmalari va saqlash punktlarini joylashtirish joyi; ularni loyihalash, barpo etish va foydalanish; mamlakatga yangi yadro yoqilg‘isini olib kirish va ishlatilganini olib chiqish va h.k. to‘g‘risidagi strategik qarorlarni ham qabul qiladi.
Hukumatga jarayonning barcha ishtirokchilarini muvofiqlashtiruvchi bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasi yuklatilgan. «O‘zatom» agentligi — atom energetikasi sohasida maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi ko‘proq amaliy tusdagi vazifalarni hal qiladi. Boshqa davlat organlari unga bog‘liq bo‘lgan funksiyalarni (ekspertizadan o‘tkazish, ob’yektlarni fizik jihatdan himoya qilish, ekologiyani muhofaza qilish, avariyalarning oqibatlarini tugatish va h.k.) bajaradilar.
Sohani davlat tomonidan tartibga solish yadro ob’yektlarini litsenziyalash, davlat tomonidan nazorat qilish, texnik tartibga solish, xavfsizligini vaqti-vaqti bilan baholash va soha xodimlariga qo‘yiladigan alohida talablarda aks etadi.
Xususan, qonun loyihasiga ko‘ra «Sanoatgeokontexnazorat» DI quyidagilarga litsenziyalar beradi:
- yadro qurilmalari va saqlash punktlarini joylashtirish, barpo etish, foydalanish va foydalanishdan chiqarish;
- yadro materiallari va radioaktiv moddalar bilan muomala qilish;
- yadro qurilmalari va saqlash punktlarining loyihasini va konstruksiyasini ishlash;
- yadro qurilmalari va saqlash punktlari uchun uskunalarning konstruksiyasini ishlash va tayyorlash;
- atom energiyasidan foydalanish ob’yektlari va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat turlari xavfsizligini ekspertizadan (xavfsizligi asosini ekspertizadan) o‘tkazish;
- atom energetikasi sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini o‘tkazishda yadro materiallari va (yoki) radioaktiv moddalardan foydalanish.
Atom energetikasi ob’yektlaridan foydalanish tartibi, yadro qurilmasi, saqlash punktlarini joylashtirish va barpo etish, ularni fizik jihatdan himoya qilish tartibi alohida belgilangan. Yadro qurilmasi va saqlash punkti xavfsizligi, yadro materiallari va radioaktiv moddalar bilan lozim darajada muomala qilish uchun to‘liq javobgarlikni foydalanuvchi tashkilot zimmasiga yuklash taklif etilmoqda. Bu milliy qonunchilikka muvofiq ob’yektni boshqarish uchun tuzilgan maxsus tashkilotdir.
Yadro materiallari, radioaktiv moddalar va chiqindilar bilan muomala qilish jarayonida davlat hisobi va nazorati, olib kirish, olib chiqish, tashish, saqlash va ko‘mishning alohida qoidalari amal qiladi.
Hujjatni ishlab chiquvchilar radiatsion ta’sir sababli yetkazilgan zarar va ziyon uchun javobgarlik masalalarini e’tibordan chetda qoldirmadilar. U foydalanuvchi tashkilot zimmasiga yuklatiladi. Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyon, shuningdek radiatsion ta’sir ko‘rsatishdan zararlar qoplanadi. Alohida olingan insident bo‘yicha javobgarlikning eng yuqori chegaralari mamlakatimizning xalqaro shartnomalarida belgilanganidan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.
Atom energetikasi sohasidagi qonunbuzarliklar va ularni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortiladigan vakolatli organlarning mansabdor shaxslari ro‘yxati alohida keltirilgan.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.