O‘tgan yili vinobop uzumning bir kilogrammi uchun 300 – 500 so‘m atrofida haq to‘langan va bundan ko‘p fermerlar zarar ko‘rgandi, deya xabar qiladi O‘zA.
Jurnalistlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida «O‘zsharobsanoat» aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Jamshid Ahmadjonov mazkur holat va uning takrorlanmasligi uchun amalga oshirilayotgan choralarga izoh berdi.
— Uzum uzilgandan keyin 5-6 soat oralig‘ida qayta ishlash korxonasiga topshirilishi kerak. Biroq, fermerlar bir yo‘la topshiramiz, degan fikr bilan ikki-uch kun davomida yig‘ilgan hosilni yuk mashinalarida korxonaga olib kelishadi. Ungacha terilgan uzum saralanib, eng yaxshisi bozorga sotishga yuboriladi. Sifati buzilgan hosilni esa bizga olib kelishadi. Ezilib, hidlangan, uzoq turganidan bijg‘ib qolgan uzumni korxona qimmat narxda oladi, deb o‘ylaysizmi? Albatta, yo‘q. Bunaqa xom ashyodan sifatli, jahon standartlariga javob beradigan mahsulot ishlab chiqarishning iloji yo‘q.
Qayd etish joizki, hozirda O‘zbekistonda 80 dan ortiq birlamchi vino ishlab chiqarish korxonasi ishlab turibdi. Ushbu korxonalarni yanada jadal rivojlantirish, texnik va texnologik qayta jihozlash, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida «O‘zsharobsanoat» aksiyadorlik jamiyatida 63 ta loyiha ishlab chiqilgan. Shundan 35 tasi vino ishlab chiqarish korxonalarini rekonstruksiyalash, texnik va texnologik yangilash, yangi quvvatlarni ishga tushirish va eksportga yo‘naltirilgan mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan.
Jamiyat tarkibidagi 64 ta korxonaning 40 tasida sifat tizimi joriy etilgan. Jumladan, hozirda 6 korxonada ISO 22000 xalqaro standartlari asosida sifat tizimlari joriy etildi.
Anjumanda sifatli bir kilogramm vinobop uzum uchun 2 ming so‘m atrofida narx belgilangani ma’lum qilindi.