O‘zbekistonga kelgan sayyohlar oltin yombilarini sotib olishi mumkin bo‘ladi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi.
Bu haqida prezidentning 7 iyunda e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasida qimmatbaho metallardan o‘lchovli yombilarni ishlab chiqarish va qimmatbaho metallar bozori faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi” qarorida aytib o‘tilgan.
Rasmiy hujjatda, “Navoiy TMK” Davlat korxonasi asosida o‘lchami 5 grammdan 1000 grammgacha bo‘lgan oltin va kumush yombilarini ishlab chiqaruvchi zamonaviy yuqori texnologiyali majmua qurilishi haqida aytib o‘tilgan.
Loyiha ishga tushganidan keyin, Navoiy TMK o‘zi ishlab chiqargan oltin va kumush yombilarini ichki bozorda milliy valyuta evaziga sotish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, qimmatbaho metallar savdosi bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxonalar ham ushbu yombilan savdosi bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi.
“Ushbu qarorni amalga oshirish – O‘zbekistonning sayyohlik yo‘nalishi sifatida jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Turizmning rivojlangan turlaridan biri bu – shopping turizm, ya’ni xarid qilish uchun amalga oshirilgan sayohat. U Xitoy va hindistolik sayyohlar orasida ommaviy. Ushbu mamlakatlardan O‘zbekistonga ko‘plab sayyohlar kelmoqda. Xitoy va hindistolik sayyohlar o‘z tashrifi davomida oltin buyumlarni sotib olishni yaxshi ko‘rishadi. Oltin yombilari ham shular jumlasidan. Bu O‘zbekiston qimmatbaho metallar bozorini rivojlantirib, mamlakatga yanada ko‘proq sayyohlarni jalb qilishi mumkin”, - deyilgan qo‘mita xabarida.
Shu bilan bir vaqtda, O‘zbekistondan qimmatbaho metallarni olib chiqish tartib-qoidalari va olib chiqish mumkin bo‘lgan qimmatbaho metallar miqdoriga o‘zgarishlar kiritiladi.