O‘zbekistonda suv tanqisligi sababli sholi ekiladigan maydonlar 162 mingdan 94 ming gektargacha qisqartiriladi. Bu haqda kuni kecha Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda ma’lum bo‘ldi.
Yig‘ilishda bu yil O‘zbekistonda yog‘ingarchilik nisbatan kam bo‘lgani, buning oqibatida aksariyat hududlarda suv tanqisligi yuzaga kelgani, bunday holat suvdan oqilona foydalanishni taqozo etishi alohida ta’kidlandi.
“Shu maqsadda sholi ekiladigan maydonlarni 162 ming gektardan 94 ming gektarga qisqartirish, suv ta’minotida muammo bo‘lmagan Sirdaryo viloyatida 7,5 ming gektar yerni Xorazm viloyati fermerlariga, Jizzax viloyatida 5,5 ming gektar yerni Qoraqalpog‘iston fermerlariga takroriy ekin sifatida sholi ekish uchun berish zarurligi qayd etildi”, — deyilgan prezident matbuot xizmati xabarida.
Suv tanqisligi kutilayotgan Qashqadaryo viloyatida takroriy ekin maydonlari 30 ming gektarga, Samarqand viloyatida 42 ming gektarga, Buxoro viloyatida 20 ming gektarga, Navoiy viloyatida 14 ming gektarga va Qoraqalpog‘istonda 10 ming gektarga kamaytirilishi ma’lum qilindi.
Ushbu hududlarda suvni kam talab etadigan mosh, loviya va boshqa ozuqabop ekinlar ekish, ularni suv manbalariga yaqin yer maydonlariga joylashtirish kerakligiga e’tibor qaratildi. Ana shu ishlarni o‘z vaqtida, samarali tashkil etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda may oyida guruch narxi keskiy ko‘tarildi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, guruch narxi 16,7 foizga ortdi. Narxlar ko‘tarilishining asosiy sabablari: suv tanqisligi, o‘tgan yilga nisbatan sug‘orish suvining yetishmasligi va ekin maydonlar kamayishi ta’kidlab o‘tildi.