O‘zbekistonda 2020 yil 31 dekabrga qadar shifokorlar va provizorlarni ro‘yxatga olish tizimi joriy etiladi, shuningdek, ular to‘g‘risida umumiy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan yagona elektron ma’lumotlar bazasi yaratiladi, deyiladi O‘zbekiston prezidentining qarorida.
Bu yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tomonidan amalga oshiriladi.
Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan shifokorlar va provizorlarning Milliy palatada ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritishi taqiqlanadi.
Shuningdek, qarorda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlashni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilishi belgilab qo‘yildi.
Jamg‘arma mablag‘lari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini xorijda tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, o‘qitish, malaka oshirish va tajriba almashishni respublikada tashkil etish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish, sog‘liqni saqlash sohasida xayriya faoliyatini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.