Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlaridagi test savollarini tayyorlash uslublarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqiladi. Bu O‘zbekiston prezidentining "Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Ushbu qarorda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlaridagi test savollarini tayyorlash uslublarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqish hamda ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish to‘g‘risida topshiriq berildi.
Shuningdek, ilg‘or xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va hokazo) sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlarga tegishli fanlardan belgilangan eng yuqori ball berish va ushbu fanlar test sinovidan ozod qilish tartibini ishlab chiqish va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar rahbarlarining mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda tegishli oliy ta’lim muassasalarining faol ishtirokini ta’minlash yuzasidan hisobotlari har yili Vazirlar Mahkamasining majlislarida muhokama etiladi.