Bilasizmi?

O‘zbekistonda neft va ko‘mir qazib olish sur’atlari pasaymoqda

O‘zbekistonda joriy yilning yanvar-avgust oylarida tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlashda yirik sanoat korxonalari tomonidan ayrim turdagi sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish sur’atlari e’lon qilindi. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash mahsulotlari orasida ko‘mir hamda neft qazib olish 2018 yilning 8 oy yakuniga ko‘ra, 2017 yilning mos davriga taqqoslaganda, o‘sish sur’atlari pasaygan. Masalan, ko‘mir 2017 yilda 2664,8 ming tonna qazib olingan bo‘lsa, joriy yilda bu mahsulotni 2392,9 ming tonna qazib olishga erishilgan. Shunday qilib, o‘sish sur’ati 89,8 foiz nisbatida ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, neft qazib olish sur’ati ham 9,9 foizga tushib, 2017 yildagi hajmdan 55,1 ming tonnaga kamaygan. Biroq, tabiiy gaz ishlab chiqarish 6,8 foiz, gaz kondensati esa 14,3 foizga oshgan.

Tog‘- kon sanoati va ochiq konlarni ishlash korxonalari tomonidan 2018 yilning yanvar-avgust oylarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 21,6 trln.so‘mni yoki jami ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmining 16,6 foizni tashkil etdi.