Bilasizmi?

O‘zbekistonda kriptovalyuta legallashtirilishi rad etildi

Taqsimlangan reyestr (blokcheyn) texnologiyalar bo‘yicha vakolatli markaz kriptovalyutalar bilan shug‘ullanmaydi. Bu haqda Mirzo Ulugbek Innovation Center (MUIC) bosh direktori Farhod Ibragimov ma’lum qildi.

Joriy yilning fevral oyida prezident Shavkat Mirziyoyev MUIC qoshida Taqsimlangan reyestr texnologiyalar bo‘yicha vakolatli markaz tashkil etilishini ma’qulladi. Ko‘plab ommaviy axborot vositalari buni blokcheyn texnologiyasi asosida ishlovchi kriptovalyutalarni legallashtirishga qaratilgan signal sifatida qabul qildi.

«Bunday emas, bunga ishonmang», - deya ma’lum qildi Ibragimov Toshkentdagi Inha universitetida bo‘lib o‘tgan konferensiyada.

Markazning asosiy vazifalari – blokcheyn texnologiyasini tarqatish uchun sharoitlarni yaratish va mahalliy ishlab chiquvchilarni qo‘llab-quvvatlash.

«Bu meni markazimiz haqidagi navbatdagi afsonaga olib kelmoqda. Rasmiy ravishda shuni xabar qilmoqchimanki, biz kriptovalyutalarni rivojlantirish bilan shug‘ullanmaymiz», - deya ta’kidlab o‘tdi Ibragimov.

Markaziy bank qarshi

O‘zbekiston Markaziy banki kriptovalyutalar bo‘yicha bir necha marotaba izoh berib, ularni terrorizmni moliyalashtirish uchun vosita deb atagan. Idora fikriga ko‘ra, «kriptovalyutadan anonim foydalanish tufayli mablag‘larning noqonuniy aylanishi va firibgarlik holatlari ortadi, bu esa, o‘z navbatida, bir qator mamlakatlarda yashirin iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi».

Markaziy bank bayonotlaridan birida ta’kidlanishicha, mamlakat qonunchiligiga ularning ishtirokidagi qandaydir amaliyotlarni kiritish rejalashtirmagan. Kishilarga ulardan umuman foydalanmaslik tavsiya etiladi.

Shu bilan birga, idora bayonotlarida cheklov choralari haqida bironta so‘z yo‘q. O‘zbekistonda kriptovalyuta maqomi aniqlanmaganligi sababli, ularni ishlatishga yo‘l qo‘yilmaydi, ammo bu taqiqlangan ham emas.

Istalgan shaxs valyutani o‘z xohishiga ko‘ra sotishi va tasarruf qilishi mumkin. Ammo, uni mamlakat ichkarisida sarflash ehtimoli yo‘q, chunki u rasmiy maqomga ega emas va to‘lov vositasi hisoblanmaydi.