Prezident Shavkat Mirziyoyev Yadro fizikasi institutida Fanlar akademiyasi va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan muloqot qildi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Respublikada ilm-fanni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani, keyingi bir yilda prezidentning sohaga doir 11 farmon va qarori qabul qilingani qayd etildi. Lekin fan bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiya past darajada qolayotgani, ilmiy izlanishlar yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmayotgani tanqid qilindi.
“Har bir ilmiy ishga mahsulot sifatida qaralishi, uning xaridori oldindan aniq bo‘lishi kerak”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident ilmiy ishlanmalarning amaliyotga tatbiq etilishini qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million dollar grant ajratilishi, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlarining oylik maoshlari bir necha barobar oshirilishini ma’lum qildi.
Kuni kecha prezidentning "O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Uchrashuvda bu boradagi ishlarni amalga oshirish, kadrlar tayyorlash, ilmiy ishlanmalar yaratish va sohaga tatbiq etish masalalari to‘g‘risida fikr almashildi.