Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov va Rasul Kusherbayev oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun kontrakt to‘lovi miqdorini pasaytirish bo‘yicha takliflar bilan chiqish qildi. Bu takliflar Rasul Kusherboyevning Facebook'dagi sahifasida e’lon qilindi.
"Umuman aytganda, to‘lov-kontrakt miqdorlarining hozir e’lon qilinganidan ham ko‘ra ancha yuqori foizlarga orttirilishi mumkinligi haqidagi xabarlarni ilgariroq eshitgandik. Shuning uchun, o‘quvchilar judayam qizg‘in kutib olgan, internet saytlari hamda gazetalarda e’lon qilingan to‘lov kontrakt miqdorlarini kamaytirish haqidagi takliflar yuqori tashkilotlarga yuborilgan edi. Biroq, ming afsuski, ushbu takliflarga tegishli mutasaddilar tomonidan hozirgacha hech qanday munosabat yoki javob berilgani yo‘q", — deyilgan deputatlar bayonotida.
Ularning fikriga ko‘ra, bildirilayotgan bu taklif to‘lov kontrakt miqdorining hozirgi oshirilgan sharoitida ham talaba va ularning ota-onalari uchun anchagina qulayliklar yaratar edi.
"Taklifga ko‘ra, jami 69 200 nafar bakalavrning eng yuqori ballni qo‘lga kiritgan birinchi 12 foizi yoki 8304 nafari to‘liq davlat byudjeti asosida, keyingi 12 foizi yoki yana 8304 nafari 45 foizli to‘lov-kontrakt asosida, keyingi 12 foizi yoki yana 8304 nafari 60 foizli to‘lov-kontrakt asosida, keyingi 12 foizi yoki yana 8304 nafari 85 foizli to‘lov kontrakt asosida, qolgan 52 foizi yoki 35 984 nafari esa to‘liq (100 foizli) to‘lov-konrakt asosida ta’lim oladi. Natijada 10 mingga yaqin talabaga kontrakt to‘lovini to‘lashda ikki barobargacha yengillik yaratiladi, qo‘lga kiritilgan ballga nisbatan rag‘batlantirish kuchayadi va kontrakt to‘lovchi talabalar soni 215 nafarga ko‘payadi (taxminan 1,8 milliard so‘m qo‘shimcha tushum)", — deyilgan bayonotda.
Deputatlar so‘zlariga ko‘ra, shu orqali ortiqcha tushgan mablag‘ evaziga ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga yordam tashkil etish ham mumkin bo‘ladi.
Keyingi taklif stipendiyalar bilan bog‘liq. Hozirgi tartib bo‘yicha talaba to‘lov-kontrakt miqdorini hali to‘liq to‘lamagan bo‘lsa, u bir necha oylar davomida stipendiya ham olmay yuradi. Bunday tartibning mavjudligi talabaga stipendiya uning ijtimoiy himoyasi uchun berilayotganini da’vo qiluvchilarning so‘zlariga mutlaqo mos kelmaydi. Shuning uchun, deputatlar bunday taklif beryapti: talaba hohishiga ko‘ra ta’til oylaridagi to‘liq stipendiyasi hisobidan, qolgan oylardagi stipendiyaning eng kam oylik ish haqi miqdoridan ortiqcha qismi hisobidan to‘lov-kontrakt miqdoridan chegirib tashlansin. Buning natijasida, talabaning o‘qish davridagi ijtimoiy himoyasi eng kam oylik ish haqi miqdori hisobidan ta’minlangani holda, bir o‘quv yili bo‘yicha 1,7 million so‘mdan 5,3 million so‘mgacha kamroq kontrakt puli to‘lashi mumkin bo‘ladi.
"Bunda davlat byudjetiga hech qanday zarar keltirilmaydi. Yana ham soddaroq aytganda, talaba bermaydi ham, olmaydi ham", — deydi deputatlar.
Xalq vakillarining hisob-kitoblariga ko‘ra, agar O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalaridagi stipendiyalardan to‘liq voz kechilsa, to‘lov-kontrakt miqdori 1,5-2 million so‘mdan ortmagan bo‘lardi.
Deputatlar fikriga ko‘ra, har yili to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilganlarning 90-95%i o‘qishni davom ettiradilar hamda bir o‘quv yili davomida 0,5% gacha talabalar to‘lov-kontrakt mablag‘ini to‘lay olmaganligi uchun talabalar safidan chetlashtiriladi.