O‘zbekistonda 15 iyuldan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ye-mehmon tizimi orqali ro‘yxatga olish tizimi ishga tushdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tizim chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga veb sayt, mobil ilova va mustaqil sayyohlarni ro‘yxatga olish tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tish imkonini beradi.
Endilikda sayyohlar ro‘yxatdan o‘tish masalasini davlat organlari ishtirokisiz hal etishi mumkin.
Yemehmon.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tilganida ro‘yxatdan o‘tish oynasida o‘z ma’lumotlarini ko‘rsatish, so‘ngra “yetib kelish varaqasi” shaklini to‘ldirish va to‘lov kartasi ma’lumotlarini ko‘rsatib, turistik yig‘im bo‘yicha hisob-kitobni amalga oshirish kerak bo‘ladi.
Emehmon mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tish uchun ilovani mobil qurilmaga o‘rnatish va mobil raqam yordamida avtorizatsiyadan o‘tish, mehmonning yetib kelish varaqasini to‘ldirish va turistik yig‘im summasini to‘lash lozim.
Yuqoridagi usullardan mustaqil tashrif buyurgan xorij fuqarolari va xorijliklarni notijorat maqsadlarda qabul qilgan ularni taklif etuvchilar (qarindoshlari, do‘stlari) foydalanishlari mumkin.