Bilasizmi?

O‘zbekistonda aholi uchun muhim bo‘lgan yana bir qonun qabul qilinishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqildi va u 2019 yilning yanvar oyida qabul qilinishi kutilmoqda. Mazkur hujjat normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e’lon qilingan.

Loyihaga ko‘ra, mazkur qonun shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, shaxsiy hayot, shaxsiy va oilaviy sirlar daxlsizligiga bo‘lgan huquqlarni amalga oshirish; ularning yaxlitligi va xavfsizligini ta’minlash; ularning maxfiyligiga rioya etish; ularni taqdim etishga bo‘lgan huquqni amalga oshirish; ularning noqonuniy ravishda qayta ishlanishining oldini olishni ta’minlaydi.

«Shaxsiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan elektron axborot resurslarida shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash xususiyatlari qonunga muvofiq belgilanadi», deyiladi qonun loyihasida.

Shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashda insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi kerak. Qonun bilan axborotni yolg‘on yoki noqonuniy tarzda to‘plash taqiqlanadi.

Shuningdek, shaxsning roziligisiz uning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanish taqiqlanadi. Jinoiy ish doirasida, jinoiy faoliyatdan tushgan mablag‘larni legallashtirishga qarshi kurashda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ma’lumot qayta ishlanishi, shuningdek, ma’lumotlarga kirish imkoniyati ochiq bo‘lganida bu qoida istisno qilinadi.