Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish choralari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi, deb xabar qildi “Huquqiy axborot” kanali.
Farmonda ta’kidlanishicha idoralararo kollegial organlarni tashkil etish va tarqatishning aniq tartibi mavjud emasligi oqibatida juda ko‘plab ushbu turdagi organlar paydo bo‘lgan. Bu esa o‘z navbatida davlat boshqaruvining byurokratiyalashuviga, ma’muriy tuzilmalarning kengayib ketishiga, byudjet xarajatlarining oshishiga olib kelgan.
Farmonga muvofiq jami 81 ta turli idoralaro komissiyalar, ishchi guruhlar tugatilib, ularning vazifalari tegishli vazirlik va idoralarga o‘tkazildi.
Masalan, Kadrlar tayyorlash bo‘yicha milliy dasturni amalga oshirish Respublika komissiyasi tugatilib, uning vazifalari Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligiga o‘tkazildi.
Xuddi shunday Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengash ham tugatildi, unga yuklatilgan vazifalarini endi Adliya vazirligi amalga oshiradi.
Bundan tashqari 25 ta turli xil idoralararo komissiyalar ishi qayta ko‘rib chiqilib, optimallashtiriladi.
Endilikda Respublika darajasidagi idoralararo organlarni tashkil etish qonunlar, Prezident va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Ushbu organlar davlat idoralariga yuklangan vazifalarni bajarishda yordam beruvchi maslahat organi vazifasini bajaradi.