Bilasizmi?

O‘zbekistonda 21:00dan keyin alkogolli mahsulotlar sotilishi rasman taqiqlanishi kutilyapti

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilishni tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi, deb yozadi Kun.uz.

Hujjat bilan quyidagilar belgilanishi mumkin:

savdo ob’yektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida soat 21:00 dan 09:00 ga qadar alkogolli mahsulotlarni sotishga yo‘l qo‘yilmaydi;

alkogolli mahsulotlarni quyib savdo qilish faqat umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasi asosida amalga oshiriladi;

ko‘ngilochar savdo ob’yektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida xizmat ko‘rsatish soat 23:00 dan boshlab to‘xtatiladi.

Mazkur bandning ikkinchi va to‘rtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan cheklovlar quyidagi savdo ob’yektlari va umumiy ovqatlanish korxonalariga nisbatan tatbiq etilmaydi:

respublika hududida o‘rnatilgan tartibda faoliyat yuritayotgan mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalari tarkibida tashkil etilgan;

maxsus turizm zonalarida (erkin turizm zonalari, kichik turizm zonalari, turizm zonalari va turizm klasterlari) faoliyat yurituvchi;

“Tourist friendly” tizimi orqali sertifikatlangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda:

savdo ob’yektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish qoidalariga rioya qilinishi ustidan nazoratni kuchaytiradi;

uch oy muddatda alkogolli mahsulotlar savdo qilinadigan savdo ob’yektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarini texnik qo‘riqlash vositalari, yong‘indan darak beruvchi, qo‘riqlash signalizatsiyalari va videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash hamda o‘rnatilgan tartibda ichki ishlar organlarining texnik qo‘riqlash punktlariga ulash choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari alkogolli mahsulotlarning tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash, ularning salbiy ta’siri profilaktikasiga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini kuchaytiradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda:

tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda tungi klub ko‘rinishidagi ko‘ngilochar savdo ob’yektlarida favqulodda holatlarning oldini olish, ularning yong‘inga qarshi va sanitariya holatlarini, shuningdek ushbu ob’yektlarda shakllanayotgan ma’naviy-ijtimoiy muhitni o‘rganib chiqadi va natijalari bo‘yicha qonunda belgilangan choralarni ko‘radi;

savdo ob’yektlari va umumiy ovqatlanish korxonalariga berilgan alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomalari mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda qayta rasmiylashtirish choralarini ko‘radi.