O‘zbekistonda 15 iyuldan eng kam ish haqi miqdori taxminan 7 foizga oshirilishi mumkin. Bu haqda Xalqaro press-klubning 2 iyul kuni bo‘lib o‘tgan anjumanida O‘zbekiston iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.
Mubin Mirzayev 2017 yil dekabrida bergan intervyusida O‘zbekistonda ish haqining inflyasiya oqibatida yo‘qotilgan qismini har olti oyda kompensatsiya qilish tizimi joriy etilishi, ish haqining o‘sish sur’atlari inflyasiya darajasidan past bo‘lmasligini ta’kidlagan edi.
XPKda ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2018 yil birinchi yarim yilligida inflyasiya 6,2 foizni tashkil etgan.
– Ilk bor prognoz ko‘rsatkichlarga erishildi va Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ushbu raqamlarni shubha ostiga olmadi. Shunday qilib, eng kam ish haqining kutilayotgan indeksatsiyasi (taxminan 7 foiz) birinchi yarim yillikdagi inflyasiya darajasi (6,2 foiz)dan yuqori bo‘ladi, – deydi M.Mirzayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yil oxirida ish haqi — ikkinchi yarim yillikdagi inflyasiya darajasidan kelib chiqib — yana bir bor indeksatsiya qilinadi. Bu byudjetda ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekistonda eng kam oylik ish haqi miqdori — 172 240 so‘mga teng.