Bilasizmi?

O‘zbekistonda 1 iyuldan nimalar o‘zgardi?

2018 yil 1 iyuldan bir qator qonun hujjatlaridagi ayrim normalar kuchga kirdi. Ularning ba’zilari haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali ma’lumot berdi.

1. 1 iyuldan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yashovchi fuqarolar uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi boshqa shaxsga o‘tkazilayotganda (oldi-sotdi, hadya) xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati a’zolari tomonidan umumiy xarajatlarni qoplash uchun to‘lanadigan majburiy badallar, kadastr, soliq, telefon aloqasi xizmati uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzi mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni notariusga taqdim etishi shart emas. Toshkentda esa bu narsa 2017 yil 1 iyuldan yo‘lga qo‘yilgan edi.

2. Prezidentning 2018 yil 3 fevraldagi Farmoniga muvofiq 2018 yil 1 iyuldan boshlab elektron kirish vizalarini berish tizimi ishga tushirilishi lozim. Bu vazifa Tashqi ishlar vazirligiga yuklangan.

3. Ruhiy holati buzilgan shaxslarning, shu jumladan, nogironlarning mehnat terapiyasi, ularni yangi kasblarga o‘qitish va ishga joylashtirish bilan shug‘ullanadigan davolash-ishlab chiqarish korxonalariga 2023 yil 1 yanvargacha taqdim etilgan yer solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i va mulk solig‘idan, shuningdek, yagona soliq to‘lovidan ozod qilinishi bo‘yicha imtiyozlar kuchga kirdi.

4. Davlat aktivlarini sotishda va ijaraga berishda elektron savdolarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qaroriga muvofiq Toshkent viloyatida joylashgan davlat mulkini “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali ijaraga olish mumkin bo‘ladi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Farmonga muvofiq 2018 yil 1 iyuldan boshlab:

tovarlarni bojxona rejimlariga joylashtirishda, shuningdek, xorijiy avtotashuvchilarning O‘zbekiston hududi bo‘ylab harakatlanish marshrutlarini o‘zgartirishga bojxona organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bekor qilindi;

bir tashki savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida aynan bir xil tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi davriy deklaratsiyalarni taqdim etish orqali amalga oshiriladi;

aynan bir xil tovarlarga bir tashki savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida karantin ruxsatnomalar, o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’yektlarini, ozon yemiruvchi moddalar va ulardan tashkil topgan mahsulotlarni olib kirish hamda olib chiqish uchun ruxsatnomalar, muvofiqlik sertifikati, veterinar, gigiyenik va ekologik sertifikatlar bir kalendar yilidan oshmagan muddatga bir marotaba taqdim etiladi;

boj olinmaydigan savdo do‘koni, erkin ombor va bojxona ombori faoliyatini litsenziyalash markazlashtirilgan tartibda Davlat bojxona qo‘mitasi markaziy apparati tomonidan amalga oshiriladi;

tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bojxona brokerlariga murojaat qilmasdan bojxona yuk deklaratsiyalarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida to‘ldirish va bojxona organlariga taqdim etish huquqiga ega;

import tovarlari amalda bojxona hududiga yetib kelishidan oldin, jumladan tovarlarni bevosita chegara o‘tkazish punktlarida erkin muomalaga chiqarish orqali insofli tashki iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini rag‘batlantirish maqsadida ushbu tovarlarni dastlabki deklaratsiyalash amaliyoti joriy etiladi.

6. FHDYo organlari tumanlar (shaharlar) hokimiyatlari tasarrufiga o‘tadi.

Bunda ularning huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish, faoliyatini metodik ta’minlash, “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimini yuritish, FHDYoning hududiy arxivlariga rahbarlik bilan Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi shug‘ullanadi.

7. Diniy-ma’rifiy tashkilotlarda ishlovchi pensionerlarga bugundan boshlab ularning ushbu tashkilotlardagi faoliyati yagona bo‘lgan taqdirda pensiyalari to‘liq to‘lanadi.

Shuningdek Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ishlovchi o‘qituvchi, ilmiy xodim va mutaxassislarga yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlariga ko‘ra tarif koeffitsiyentlari va bazaviy lavozim maoshlari 3 baravar (Markaz xodimlariga — 4 baravar) miqdorda qo‘llaniladi.

8. Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qaroriga muvofiq bugundan boshlab tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish “E-IJRO AUKSION”da elektron auksion orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek yer uchastkalarini berish bo‘yicha materiallarni yig‘ish, ko‘rib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish faqat axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan xolda elektron shaklda amalga oshiriladi.

9. Barcha fermer va dehqon xo‘jaliklari bugundan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi majburiy ravishda a’zo bo‘lishi shart.

10. Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Farmonga muvofiq 2018 yil 1 iyuldan:

advokatlar hakamlik sudyasi sifatida faoliyat yuritishi mumkin;

advokatlik litsenziyasini olish uchun majburiy stajirovka o‘tash muddati olti oydan uch oyga qisqartirildi;

litsenziyani tugatish uchun asos bo‘ladigan advokat tomonidan uzrli sabablarsiz o‘z kasb majburiyatlarini bajarmaslik muddati amaldagi uch oydan olti oyga uzaytirildi;

faoliyat yuritayotgan advokatlar va yangidan advokat maqomini olgan shaxslar har bir tanlangan mutaxassislik bo‘yicha alohida litsenziya asosida yuridik yordam ko‘rsatadilar;

litsenziyaning amal qilishini tugatish sud tomonidan amalga oshiriladi;

advokat maqomini olish bo‘yicha malaka imtihonini takroran topshirish muddati bir yildan olti oygacha qisqartirildi.

11. Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qaroriga asosan, 2018 yil 1 iyuldan boshlab:

elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni yetkazib beruvchi tadbirkorlik sub’yektlari tovarlarni sotuvchilar uchun to‘lovlarni qabul qilishi mumkin;

elektron tijorat orqali sotiladigan tovarlar (xizmatlar) uchun ularning umumiy qiymatidan majburiy 15 foizli oldindan to‘lov to‘lash talabi bekor qilindi;

elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni sotuvchiga va yetkazib beruvchiga shaxsiy mulk, ijara va boshqa foydalanish huquqiga asosan tegishli bo‘lgan avtomobil transportida O‘zbekiston hududi bo‘ylab yetkazib berishda shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobilda yo‘lovchilar va yuk tashishlarni amalga oshirish uchun litsenziya shart emas;

elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlarini realizatsiya qilish, faqat saqlash va yetkazib berishga ruxsat etildi.

12. Toshkent shahrida bugundan boshlab soat 16:00 dan 8:00 ga qadar vaqt oralig‘ida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya saf bo‘linmalari jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining kamida 70 foizi, shuningdek, jamoatchilik vakillarini jalb qilish orqali kunu tun uch smenali patrul rejimi tashkil etiladi.

13. Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyo‘l (yo‘lovchi), temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona to‘lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o‘tishning miqdor normalari bo‘yicha qaror bugundan kuchga kirdi.