Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi yuridik shaxs maqomida tashkil etildi. Bu Prezidentning 5 iyuldagi qarorida ko‘zda tutilgan.
Jamg‘armaning asosiy vazifalari quyidagicha:
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zo‘ravonlik, majburiy mehnat va kamsitishdan jabrlangan, mehnat va boshqa huquqlari buzilgan, og‘ir moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, tirikchilik uchun mablag‘siz qolgan fuqarolarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, ularga moddiy yordam ko‘rsatish;
mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda jarohatlanish, baxtsiz hodisa sababli tibbiy xizmat ko‘rsatish talab etilgan fuqarolarga, ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar haqini mehnat migranti hisobidan to‘lash imkoniyati bo‘lmagan hollarda to‘langan mablag‘lar ushbu fuqarolar tomonidan keyinchalik qoplab berilishi sharti bilan, tibbiy xizmat ko‘rsatish;
ishga joylashgan davlatning tegishli muassasalari tomonidan tasdiqlangan hollarda respublikadan tashqarida mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini, shuningdek, xorijdagi mehnat faoliyati vaqtida mehnat qobiliyatini yo‘qotishga olib kelgan shikastlanish yoki jiddiy jarohatlangan fuqarolarni olib kelish;
mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga tashkillashtirilgan tarzda ilgari yuborilgan va ishga joylashgan mamlakatning qonun hujjatlarini buzish oqibatida ushbu mamlakat hududidan chiqarib yuborilgan (deportatsiya qilingan) fuqarolarni, to‘langan mablag‘lar ushbu fuqarolar hisobidan keyinchalik qoplab berilishi sharti bilan, shuningdek, kelishilgan mehnat sharoitlari chet ellik ish beruvchilar tomonidan ta’minlab berilmagan fuqarolarni qaytarish;
respublika hududlarida xorijga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarni ketishdan oldingi moslashtirish, kasbiy tayyorlash, xorijiy tillarga o‘qitish va bilim darajasi yuzasidan test sinovlari o‘tkazish, fuqarolarning kasbiy malakasini tasdiqlash markazlarini tashkil etish hamda jihozlash;
norasmiy mehnat migratsiyasining oldini olishga qaratilgan, fuqarolarni xorijda ishga tashkillashtirilgan tarzda joylashtirish tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha axborot-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish.