O‘zbekiston turizm yo‘nalishida Yevropa Ittifoqi (YeI) bilan hamkorlik qilishi kutilmoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida Yevropa Ittifoqi Kengashining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha ishchi guruhi rahbari Yutta Edtxofer rahbarligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb yozadi Kun.uz.
Ishchi guruh Yevroittifoqqa a’zo bo‘lgan 28 mamlakat ekspertlaridan iborat bo‘lib, u YeIning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ikki tomonlama hamda mintaqalararo munosabatlaridagi barcha mezonlarni ko‘rib chiqadi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shohrux Sharaxmetov yevropalik ekspertlarga qo‘mita faoliyati, shuningdek mamlakatda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Mazkur tadbir doirasida shuningdek O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari masalalari muhokama qilindi.