Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Avstriyadagi yig‘in doirasida Kanada terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi va 2:1 hisobida yutqazdi. Mazkur mag‘lubiyat Samvel Babayanning terma jamoadagi 8 ta o‘yindan iborat g‘alabali seriyasi barham berdi. Rekord yangilanmadi.
Babayan mazkur yig‘inga 4-5 nafar asosiy futbolchilarsiz bordi. Terma jamoa sardori Odil Ahmedov, shuningdek Vitaliy Denisov, Anzur Ismoilov, Sardor Rashidov, Aziz Haydarov singari yetakchi futbolchilarga dam berildi va asosan milliy chempionatda ishtirok etayotgan futbolchilar maydonda harakat qildi. Aytish kerakki, aynan shu yetakchi futbolchilarning yo‘qligi terma jamoa o‘yinida yaqqol sezildi.
Terma jamoani bu safar sardor sifatida Server Jeparov maydonga boshlab tushdi. Birinchi bo‘limning boshida ustunlik O‘zbekiston tomonida bo‘ldi va terma jamoamizda to‘p bilan muomala qilish, o‘yin nazorati, xujumlar tashkil etishda faollik kuzatildi. Sergeyev va Shomurodov gol urish uchun yaxshi vaziyatlar bo‘ldi, biroq zarbalarga aniqlik yetishmadi.
Hisobni ochish Kanada terma jamoasiga nasib etdi. 20-daqiqada Kanada jarima to‘pi tepish imkoniga ega bo‘ldi. 16-raqamdagi Skott Arfild tepgan to‘pga bosh bilan zarba bergan 5-raqamdagi jamoa sardori David Edgar Lobanov qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qildi.
Ikkinchi bo‘limda terma jamoa hisobni tenglashtirish uchun oldinga tashlandi. Tez-tez xavfli xujumlar tashkil qilishdi. Ana shunday xujumlarning birini Eldor Shomurodov gol bilan yakunlab, hisobni tenglashtirdi.
O‘yinning 80-daqiqasida Akrom Komilov avtogol muallifiga aylandi. U Devid Hoylet tomonidan uzatilgan to‘pni to‘ppa-to‘g‘ri o‘z darvozasiga bosh bilan kiritib yubordi. Zarbaning aniq va kuchli ekanini ko‘rib, himoyachi darvozani adashtirib qo‘yganmikin, degan fikr o‘tadi xayoldan.
Shundan qilib, Babayan boshchiligidagi o‘yinlarda birinchi bor O‘zbekiston terma jamoasi yutqazdi. Bu tarixiy natija kuchli xokkeychilar yurti Kanadaga nasib etdi. Bu o‘yin bilan Kanada nafaqat yaxshi xokkeychilar mamlakati, balki yaxshi saviyadagi futbolchilar yurti ekanini ham isbotlay oldi.
O‘rtoqlik o‘yini O‘ZBEKISTON - KANADA - 1:2 Gollar: Eldor Shomurodov (62) — David Edgar (20), Akrom Komilov (80-avtogol) O‘zbekiston: 21.Aleksandr Lobanov, 2.Yegor Krimets, 8.Server Jeparov, 9.Otabek Shukurov, 11.Igor Sergeyev, 13.Davronbek Hoshimov, 14.Javohir Sohibov, 15.Aleksandr Geynrix, 16.Akromjon Komilov, 20.Islom To‘xtaxo‘jayev, 23.Eldor Shomurodov Kanada: 22.Kenni Stamatopulos, 3.Manekar Jeyms, 4.Deyan Yakovich, 5.David Edgar, 10.Devid Hoylet, 12.Doneyl Anri, 14.Samuel Piyet, 16.Skott Arfild, 20.Karl Uimett, 11.Toseynt Riketts, 23.Tesho Akindele
Shuningdek, terma jamoamizning guruhdagi raqiblari ham o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etdi. Jumladan, Xitoy terma jamoasi o‘z maydonida Qozog‘istonni qabul qilib, 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, Eron qo‘shni Qirg‘iziston terma jamoasi darvozasiga javobsiz 6 ta to‘p kiritdi.