Bilasizmi?

O‘zbekiston pasportidan "millati" grafasini olib tashlash taklifi muhokamaga qo‘yildi

"Mening fikrim" jamoaviy murojaatlar portalida O‘zbekiston fuqarolik pasportida "millati" grafasini olib tashlash bo‘yicha taklif muhokamaga qo‘yildi.

"Xalqimizni yanada mustahkamlash va birlashtirish maqsadida ushbu taklif yaratilgan. Zero, mamlakatimizdagi har bir fuqaro o‘zini yagona bir umumiy millat a’zosi sifatida o‘zini hisoblashi uchun. Bu albatta barchamiz uchun umumiy kelajakni qurishda o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Mamlakatimiz "millat" to‘g‘risidagi qabul qilingan bir qator hujjatlarga e’tibor qaratilishini so‘rayman", — deb yozgan murojaat muallifi.

Ushbu petitsiya to‘rt nafar mushtariy tomonidan ham qo‘llab quvvatlangan. Ular "millati" grafasini nafaqat pasportdan, balki boshqa hujjatlardan ham olib tashlashni taklif qilishgan.

"Nafaqat pasportdan, balki ishga kirishda to‘ldiriladigan anketadan ham olib tashlash kerak. Agar statistika uchun kerak bo‘lsa, to‘g‘ilganlik hakidagi guvohnomada qoldirishsin. Boshqa hujjatlarda zaruriyat yo‘q. Xalkaro standart talabi masalasida "O‘zbekistonlik" iborasi yetadi. Zero, Konstitutsiyaga ko‘ra "O‘zbekiston xalqini millatidan kat’iy nazar O‘zbekiston fuqarolari tashkil etadi", — deb izoh qoldirgan mushtariy.