Markaziy bank 2018 yil 1 iyun holatiga ko‘ra O‘zbekiston oltin-valyuta zaxirasi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilindi.
Taqdim etilgan raqamlarga ko‘ra, respublika oltin-valyuta zaxirasi bir oy oldingi ko‘rsatkichdan 228,4 million dollarga kamayib, 28,12 milliard dollarni tashkil etmoqda. Ulardan 14 milliard dollari xorijiy valyutadagi aktivlar, 14,12 milliard dollari esa – monetar oltin.
1 iyun holatiga ko‘ra sof oltin-valyuta zaxiralari 27,02 milliard dollarni tashkil qildi.
«O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, Markaziy bankning asosiy vazifalaridan biri sifatida respublika oltin-valyuta zaxiralarini saqlash va boshqarish belgilangan.
Oltin-valyuta zaxiralarini hisoblash metodikasi Xalqaro valyuta jamg‘armasining standartlari asosida yuritiladi. Oltin-valyuta zaxiralarining tarkibi xorijiy valyuta aktivlari va quyma shaklidagi monetar oltindan iborat.
Oltin-valyuta zaxiralarini samarali boshqarish maqsadida Markaziy bank tomonidan zaxiralarning yalpi va sof qiymatlari hisobi yuritiladi.
Sof oltin-valyuta zaxiralari tijorat banklari va davlat boshqaruvi organlarining (Moliya vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bundan mustasno) Markaziy bankda ochilgan hisobvaraqlaridagi valyuta mablag‘larini, ya’ni Markaziy bankning ushbu tashkilotlar oldidagi majburiyatlarini hisobga olmaydi.