Bilasizmi?

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi vodiyda Keniyaga qarshi ikkita o‘yin o‘tkazadi

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi shu yilning mart oyida Keniya U-23 terma jamoasiga qarshi bahs olib boradigan bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

"Ravshan Haydarov boshchiligidagi terma jamoa oldiga Tokioda bo‘ladigan Olimpiadaga yo‘llanma olish vazifasi qo‘yilgan. Shu sababli ular Olimpiya o‘yinlari saralashiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi uchun kuchliroq raqib bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Saudiya Arabistoniga hurmat saqlagan holda shuni ta’kidlash kerakki, ushbu terma jamoa Osiyo vakili. O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi esa Osiyoda tengsiz ekanini Xitoydagi musobaqada isbotlab bo‘ldi.

Shu sababdan O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi O‘zbekiston OTJ uchun kuchliroq raqib topish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirdi va Afrikaning kuchli terma jamoalaridan biri bo‘lgan Keniya U-23 terma jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi", — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning aytishicha, 23 mart kuni Andijonda, 26 mart kuni esa Farg‘onada Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston OTJ keniyalik tengdoshlariga qarshi bahs olib borishadi. Har ikki o‘yin soat 20.00da boshlanadi.