17 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida ta’lim tizimi rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda inson resurslarini rivojlantirish poydevori bo‘lgan, yoshlarda bilim, dunyoqarash va ma’naviyat asoslarini shakllantiruvchi umumiy o‘rta ta’lim tizimini tubdan isloh qilish masalalari muhokama qilindi, deb yozmoqda Kun.uz.
Bugungi kunda respublikada 9,7 ming maktabda jami 5,2 million o‘quvchi ta’lim olmoqda. Bu aholining 16 foizini tashkil etadi, o‘quv-tarbiyaviy va boshqaruv jarayonida 450 mingdan ziyod xodim mehnat qilmoqda. Biroq so‘nggi 20 yilda asosiy e’tibor kollej va litseylarga qaratilib, umumta’lim maktablari faoliyatini zamon talablariga javob beradigan yaxlit bir tizimga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar qoniqarsiz bo‘lgan.
Yig‘ilishda maktablarni moliyalashtirishga ikkinchi darajali masala sifatida qaralib, ushbu tizimga byudjet mablag‘lari «qoldiq» usulida ajratib kelinganligi, ayniqsa xalq ta’limi tizimi xodimlari yillar davomida o‘z faoliyatiga xos bo‘lmagan boshqa ishlarga muntazam jalb qilinib, tom ma’noda «tekin xizmatkor» ga aylanib qolganligi keskin tanqid qilindi.
Bu kabi holatlar maktablarda erkak o‘qituvchilarning kamayishiga ham sabab bo‘lib, hozirgi kunda maktablarda erkak o‘qituvchilar 30 foizni, Toshkent shahrida esa 10 foizni tashkil qilishi qayd etildi.
Shuningdek, o‘qituvchilar o‘z ustida ishlab, bolalarni fanlarga qiziqishini oshirish o‘rniga, maktabning kam-ko‘stini yopish uchun o‘quvchilar ota-onalaridan pul yig‘ish, tinimsiz tekshirishga kelayotgan turli komissiyalarni «tinchitish» bilan ovora bo‘lib qolganligi, maktablarda davomat tushib ketishi, o‘quvchilarning ko‘cha-ko‘yda qarovsiz holda yurishi, hattoki bezorilarga va turli zararli oqimlarga qo‘shilishi holatlariga olib kelganligi tanqidiy muhokama qilinib, ta’sirchan chora-tadbirlar belgilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Davlat rahbari Jahon banki rahbariyati bilan uchrashuvda «inson kapitali»ga sarmoya kiritishni ko‘paytirish masalasi muhokama qilinganligi hamda avvalgidek «arzon ishchi kuchi bo‘lsa, chet el sarmoyasi keladi» degan siyosat hozirgi zamon talabiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini alohida ta’kidlab, tegishli topshiriqlar berdi.
Prezident dunyoda ilmiy-texnik rivojlanish va ishlab chiqarish jarayonlarining avtomatlashish darajasi oshayotgani sababli past malakali ishchi kuchiga ehtiyoj kamayib borayotganligini, jumladan, Xitoy ham aynan zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ta’limga qattiq e’tibor qaratib, katta sarmoyalarni yo‘naltirayotganligini alohida ta’kidladi.