O‘zbekistonning yaqin yillarda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi kutilmoqda. Milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri hisoblangan qishloq xo‘jaligi uchun ham bu tashkilotga a’zo bo‘lishning ijobiy hamda salbiy tomonlarini chuqur o‘rganish, bu borada O‘zbekistonning aniq pozitsiyasini belgilab olish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Bu haqida Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari A. Ergashev Toshkentda o‘tkazilgan «Jahon savdo tashkilotiga kirishda qishloq xo‘jaligining o‘ziga xos jihatlari» mavzusidagi xalqaro seminarda aytib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
Jahon banki hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish imkoniyatlari yuzasidan muzokaralar olib borildi.
«A’zo davlatlarning savdo siyosati Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalariga mos bo‘lishi shart, — deydi FAO’ning O‘zbekistondagi vakili M. Qosimov. — Shuning uchun nomzod davlatning savdo tartibi tashkilot qoidalariga to‘liq mos ekani barcha a’zo mamlakatlar tomonidan ma’qullaganidan so‘ng tegishli qaror qabul qilinadi».
Xo‘sh, ayni vaqtda O‘zbekiston uchun Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishning qanday afzalliklari mavjud?
Xalqaro seminarda aytilishicha, tashkilotning 164 a’zo mamlakati uchun yangi bozorlar ochiq bo‘ladi. Investitsiyaning barqarorligi ta’minlanadi. Yangi sarmoyalar asosida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Raqobat muhiti ham yaxshilanadi, bu boradagi global sharoitlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda xizmatlarni yetkazib beruvchilarga mahsulot sifatini ko‘tarish hamda dunyo bozorida raqobatlashishni o‘rganishga yordam beradi.
Iste’molchilar arzon va sifatli tovarlar hamda xizmatlarni tanlash imkoniga ega bo‘ladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning huquqi himoyalanadi. Savdo hamkorlari qabul qilingan xalqaro standartlar qoidalariga muvofiq milliy standartlarni ishlab chiqish eksportyorlarga chet el bozori talablariga moslashishda yordam beradi. Jahon miqyosidagi savdo siyosati bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etish huquqi beriladi, ya’ni tashkilot yig‘ilishida ishtirok etadigan har bir davlat o‘z ovoziga ega bo‘ladi.