Salomatlik

O‘zbekiston Iroq milliy terma jamoasini yengdi

Toshkentdagi muhtasham “Bunyodkor” stadionida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvida Iroq terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Terma jamoamizning gollariga Marat Bikmayev va Eldor Shomurodov mualliflik qildi. Alohida qayd etish kerakki, mazkur bahsda terma jamoamiz bosh murabbiyi Samvel Babayan faqat O‘zbekiston milliy chempionatida ishtirok etayotgan futbolchilar xizmatidan foydalandi. Asosiy tarkib o‘yinchilarisiz o‘ynagan milliy jamoa kerakli natija qayd eta oldi.

O‘yin haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, birinchi bo‘lim futbolchilarimizning to‘liq ustunligida o‘tdi. To‘p bilan muomalada bo‘lish, xavfli vaziyatlar yaratish bo‘yicha ham O‘zbekiston termasi yetakchilik qildi.

O‘yinning 7-daqiqasida to‘pni egallab olgan Jamshid Iskanderov, chap qanotdan oldinga tashlangan Shomurodovga uzatib berdi. Eldor to‘pni jarima maydoniga qulay tarzda yetkazdi va Marat Bikmayev yaqin masofadan boshi to‘pni darvozaga joyladi. Jamoamizning ikkinchi goli 30-daqiqada urildi. Iskanderovning o‘ng qanotdan tepgan jarima to‘pini Eldor Shomurodov boshi bilan darvozaga to‘g‘rilab qo‘ydi.

Ikkinchi bo‘limda o‘yinda nisbatan tenglik kuzatildi. Biroq to‘p nazorati ko‘proq o‘zbekistonlik futbolchilarda bo‘di. Iroqliklar ham onda-sonda Nesterovning xushyorlgini sinab turishdi. O‘yinning oxirga borib faollashgan iroqliklar hisobni qisqartirishga erishdi. Himoyachi Tojiyevning to‘pni yiroqlashtirishga bo‘lgan urinishi jamoamiz foydasiga bo‘lmadi. U tepgan to‘pni bartaraf etishda Ignatiy Nesterov xatoga yo‘l qo‘yib, to‘pni ushlab qololmadi. Jarima maydonchasidagi pala-partishlikdan Abubakr Bayar unumli foydalanib, to‘pni bo‘sh qolgan darvozaga joyladi.

Shu tariqa O‘zbekiston milliy terma jamoasi Iroqni mag‘lubiyatga uchratdi. Eslatib o‘tamiz, tayyorgarlik yig‘inini Avstriyada o‘tkazgan vakillarimiz “Borrussiya” Dortmund va “Ufa” jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yinlarida qatnashdi.

24 iyul. Toshkent, «Bunyodkor» stadioni.

O‘rtoqlik o‘yini.

Bosh hakam: Ilgiz Tantashev (O‘zbekiston)

O‘zbekiston – Iroq 2:1 (2:0)

Gollar: Marat Bikmayev (7), Eldor Shomurodov (29) – Abubakr Bayar (90)

O‘zbekiston: Ignatiy Nesterov, Kamoliddin Tojiyev, Marat Bikmayev (Sardor Mirzayev 66), Jamshid Iskanderov, Otabek Shukurov, Davron Hoshimov, Javohir Sohibov, Stanislav Andreyev (Aleksandr Merzlyakov 46), Azimjon Ahmedov (Ruslan Melziddinov 86), Sherzod Karimov (Jasur Hasanov 55), Eldor Shomurodov (Jaloliddin Masharipov 83).

Iroq: Hasan Jalol (Qosid Muhammad 46), Kozim Husam, Said Jamol, Latif Ali, Vaham Husayn (Xalaf Husayn 57), Muhammad Josim, Alaa Abdulzahron (Shavqan Muhammad 74), Volid Amjad (Malik Visam 86), Fayoz Mazin, Xusrav Miron (Abubakr Bayar 80), Qosim Abbos.

Ogohlantirish: Kozim Husam 50