Toshkentdagi "Bunyodkor" stadionida 2 iyun sanasiga belgilangan O‘zbekiston - Ekvatorial Gvineya xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi Ekvatorial Gvineya futbol federatsiyasining tashabbusiga ko‘ra bekor qilingan. Bu haqida O‘zbekiston futbol federatsiyasi rasmiy sayti ma’lum qildi.
"Ekvatorial Gvineya futbol federatsiyasi bosh kotibi Tadeo Nsuye Onva imzolagan xatda aytilishicha, Afrika Konfederatsiyasining yo‘rig‘iga ko‘ra Afrika Millatlar Kubogining saralashi doirasida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Ekvatorial Gvineya-Benin o‘yini 3 iyun kuni o‘tkazilishi mumkin. Shu sababli Ekvatorial Gvineya O‘zbekiston terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish uchun Toshkentga kela olmasligini ma’lum qildi.
«Biz O‘zbekiston Futbol Federatsiyasidan uzr so‘raymiz va ushbu o‘yinning yaqin vaqt ichida o‘tkazilishiga umid qilib qolamiz», - deb yakunlanadi Ekvatoriyal Gvineya futbol federatsiyasi bosh kotibining maktubi.
O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi O‘zbekiston-Ekvatorial Gvineya uchrashuviga sotilgan chiptalarni qaytarib olish mas’uliyatini o‘z bo‘yniga oladi", deb yozadi sayt.
Xabaringiz bo‘lsa, avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasining Qirg‘iziston bilan o‘yini O‘zbekiston futbol federatsiyasi tashabbusi bilan bekor qilingan edi.