Bilasizmi?

O‘zbekiston fuqarolari hukumatdan kommunal xizmatlar uchun to‘lash jarayonini soddalashtirishni so‘ramoqda

O‘zbekiston fuqarolari kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda qog‘ozbozlikni yo‘qotishni so‘rab, hukumatga murojaat qildi.

«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga «shaxsiy kabinet»larni joriy qilish zarurligi to‘g‘risidagi petitsiya joylandi, unda fuqarolar uy-joy va kommunal xo‘jaligi sohasidagi to‘lovlarni soddalashtirishni so‘ramoqda.

Murojaat muallifi yozishicha, aholining katta qismi haligacha kommunal xizmatlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun kassalarga borishga majbur.

«Buning sababi — to‘lovning boshqa usullarida, masalan, Click tizimi orqali to‘lashda xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan hisob to‘ldirilgani haqidagi tasdiqning taqdim etilmasligi… Foydalanuvchilar qarzi yo‘qligini isbotlash uchun to‘lov haqidagi kvitansiyalarni saqlashga majbur», — deyiladi petitsiyada.

Shuningdek, kassalarning ishlash vaqti, u yerda navbatda turish fuqarolar uchun noqulayliklar keltirib chiqarishi, natijada to‘lov to‘lamaydigan odamlar ko‘payishi aytiladi.

Petitsiyani imzolaganlar kommunal xizmatlar yetkazib beruvchilarning rasmiy saytlarida shaxsiy balans va to‘lovlar tarixini ko‘rish mumkin bo‘lgan foydalanuvchilar «shaxsiy kabinet»larini ochishni so‘ramoqda.