Senator Alisher Kurmanov mutasaddi vakillar O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib etish maqsadida Discovery telekanali bilan hamkorlik masalalarini o‘rganib chiqayotganini bildirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda O‘zMTRK «Dunyo bo‘ylab» kanalining xalqaro imijini oshirish bo‘yicha rejalar tuzilmoqda. Shuningdek, Mening fikrim veb-portalida «Ta’lim» telekanalini ochish haqida murojaat paydo bo‘ldi.
«Bugun mamlakatimizda yoshlarga ana shunday e’tibor berilmoqda. Barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugun yoshlarning ta’lim jarayonidagi muammolarini o‘rganish, ularning yutuqlarini ommalashtirish, yoshlarning, ayniqsa uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ta’lim va fan sohasiga oid telekanal tashkil etish kerak», - deyiladi murojaat matnida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, O‘zMTRK «Dunyo bo‘ylab» kanalining «Turizm 365» kanaliga o‘zgartirilishi rejaga kiritilgani haqida ma’lumot berilgandi.