Bilasizmi?

O‘zbekiston chekishga qarshi kurashni kuchaytiradi

O‘zbekiston jamoat joylarida chekishni 100 foiz taqiqlashga erishishni rejalashtirmoqda. Bu haqda chorshanba kuni Jahon tamakisiz kun (31 may) arafasida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan mahkamalararo yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar berdi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish milliy maqsadlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasiga to‘rtta muhim maqsad kiritilgan: to‘rtta asosiy noinfeksion kasallikdan bevaqt o‘lim darajasini uchdan bir qismga, tamaki iste’moli darajasini 10 foizga pasaytirish, 100 foiz jamoat joylarida tamaki chekishni to‘liq taqiqlashga erishish va JSSTning tamakiga qarshi Doiraviy konvensiyasini samarali joriy etish.

JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi nosvoy ishlab chiqarilishi va tarqalishini taqiqlash bo‘yicha choralarni kuchaytirishni taklif qildi. Bugungi kunda u taqiqlangan bo‘lsa ham, butun respublikada erkin sotilmoqda. Mazkur choralar JSST tamakiga qarshi konvensiyasining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha tamaki epidemiyasiga qarshi samarali kurashni amalga oshirish choralarini kuchaytirish bo‘yicha 2018−2019 yillarga mo‘ljallangan Milliy yo‘l xaritasida ko‘rsatib o‘tiladi.

Tamaki iste’moli yurakning ishemik kasalliklari, insult va periferik tomir kasalliklarining rivojlanish xavfini keltirib chiqaruvchi muhim omillardan biri hisoblanadi.

Har yili global tamaki epidemiyasidan 7 mln kishi hayotdan ko‘z yumadi. Ularning 900 mingga yaqini boshqalar chekkan tamaki tutunidan zaharlanish oqibatida vafot etmoqda. O‘zbekistonda 2,88 mln chekuvchilarning yarmi — 1,44 mln nafardan ortig‘i chekish munosabati bilan bevaqt o‘lim xavfi ostida qolmoqda.

JSST O‘zbekistonga tamaki epidemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha quyidagi kompleks choralarni amalga oshirishni taklif qildi:

  • Tamaki iste’moli monitoringi (Monitor) va profilaktika choralari, tamaki sanoati faoliyati monitoringi;
  • Jamoat binolari, ish o‘rinlari va jamoat transportini tamaki tutunidan to‘liq ozod qilish yo‘li bilan odamlarni tamaki tutuni ta’siridan himoya qilish (Protect);
  • Tamaki iste’moliga chek qo‘yish maqsadida yordam taklif qilish (Offer);
  • Barcha tamaki mahsulotlarini oddiy qadoqlarga qadoqlash va ularga sog‘liq uchun xavfli ekani haqidagi yirik grafik ogohlantirishni tushirish yo‘li bilan ogohlantirish (Warn), shuningdek OAVda jamoatchilikni tamaki iste’molining zarari haqida xabardor qilish bo‘yicha tamakiga qarshi samarali kampaniyalarni o‘tkazish;
  • Tamaki mahsulotlari reklamasi, ular savdosini rag‘batlantirish va homiylik faoliyatini amalga oshirishga qo‘yilgan taqiqni ta’minlash (Enforce);
  • Tamaki mahsulotlariga qo‘yilgan soliqni oshirish va ular narxini qimmatlashtirish (Raise).