Bilasizmi?

O‘zbekiston AQSh va Buyuk Britaniyadan ham xavfsizroq mamlakat ekanligi ma’lum bo‘ldi

Gellap (Gallup) Xalqaro tadqiqot markazi xavfsizlik bo‘yicha o‘tkazgan navbatdagi so‘rovi natijalarini e’lon qildi. Bu haqda xabar qilgan BBC nashriga ko‘ra, “Global qonun va tartib” (Global Law and Order) so‘rovida qatnashgan shaxslardan tunda ko‘chada yurganda o‘zlarini xavfdan xoli his qilishlari yoki yo‘qligi hamda jinoyat qurboni bo‘lgan-bo‘lmaganliklari haqida so‘ralgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, Singapur dunyodagi eng xavfsiz davlatdir. Eng xavfli davlat esa, Venesuela ekanligi aniqlangan.

So‘rovda 142 davlat va hududda yashovchi 148 ming odam ishtirok etgan. Qatnashuvchilardan mahalliy politsiyaga bo‘lgan ishonch, tundagi xavfsizlik, o‘g‘rilik, hamda oxirgi 12 oy ichida sodir bo‘lgan talonchilik haqida so‘ralgan.

O‘zbekiston dunyodagi eng xavfsiz 5- davlat deb topilgan. O‘zbekistondan oldin eng xavfsiz besh davlat safidan Singapur, Norvegiya, Islandiya va Finlandiya o‘rin olgan.

Venesuela, Afg‘oniston, Janubiy Sudan, Gabon va Liberiya esa xavfli besh davlat deb topilgan.